ATMOSFERA YOG’INLARI
ATMOSFERA YOG’INLARI — bulutlardan yog’adigan yoki havoda suv bug’larining kondensatlanishi natijasida yer yuzasiga va o’simliklar sirtiga tushadigan tomchi yoki muz holatidagi suv. Bulutlardan yomg’ir, qor, ho’l qor va muz donachalari, do’l va hokazolar yog’adi. Havodagi suv bug’laridan shudring, qirov, bulduruq va boshqalar hosil bo’ladi. O’ta sovigan yomg’ir, tuman yer yuzasida va narsalar ustida muz qatlamlari hosil qiladi. Atmosfera yog’inlari davomli va o’rtacha tezlikda, jala shaklida va mayda shivalab yog’uvchi yog’inlarga ajratiladi. Davomli va o’rtacha tezlikda yog’uvchi Atmosfera yog’inlari qatlamli yomg’ir beruvchi va yuqori qatlam bulutlardan yog’adi. Jala bo’lib yog’adigan Atmosfera yog’inlari yomg’irlito’p bulutlardan yirik tomchi yoki pag’a-pag’a qor, mayda muz donachalari, yozda esa do’l shaklida yog’adi, tusatdan katta tezlik bilan boshlanib, tezda to’xtaydi, issiq davrda esa momaqaldiroq bilan birgalikda o’tadi. Mayda shivalab yog’uvchi Atmosfera yog’inlari qatlamli bulutlardan (ba’zan tumanlardan) mayda tomchi va tez eriydigan qor shaklida yog’adi. Atmosfera yog’inlari meteorologik stansiyalarda yomg’ir o’lchagich, yogin o’lchagich va plyuviograflar, katta maydonlarda esa radiolokatorlar yordamida o’lchanadi. Yerga tushgan Atmosfera yog’inlari miqdori suv balansini ko’rsatadigan millimetr bilan, jadalligi esa vaqt birligi (min., soat, sutka) dagi miqdori (millimetr) bilan o’lchanadi. Atmosfera yog’inlari miqdori O’rta Osiyo hududi bo’ylab g’oyat notekis taqsimlanadi. Ularning yillik miqdori tekisliklarda o’rtacha 100 — 200 millimetr, tog’ oldi va tog’li rayonlarda 500 — 1000 millimetr, ba’zan 1500 millimetr va undan ko’proq. Yog’inlar tekisliklarning katta qismida, tog’oldi va ba’zi tomi rayonlarda yoz oylarida eng kam, bahor (mart — aprel) yoki kuz (oktabr — noyabr) da eng ko’p yog’adi. Shimol va baland tog’li rayonlarda esa eng ko’p yog’ingarchilik aprel — may oylarida kuzatiladi. Yozda faqat tog’li rayonlardagina yog’ingarchilik bo’ladi. O’rta Osiyoning yog’inlari kam tushadigan rayonlarida yog’inlarning sutkalik maksimum ekstremal miqdori 30 — 50 millimetr, yog’ingarchilik ko’p bo’ladigan rayonlarda esa sutkalik maksimum miqdor 100 millimetr va undan ko’proq. Atmosfera yog’inlari kuzatiladigan kunlar soni bir yilda 40 — 200 o’rtasida o’zgarib turadi. Atmosfera yog’inlari qish — bahor davrida erda tuproq nam zaxirasini hosil qiladi, bu esa qishloq xo’ajligida kata ahamiyatga ega. Atmosfera yog’inlari yetarli (yiliga 200 millimetr va undan ko’proq) bo’lgan sharoitlarda ekilgan ekin tabiiy nam hisobiga unib chiqadi, natijada birinchi sug’orishni keyinroqqa surish mumkin bo’ladi. Hamid Abdullayev, Olga Subbotina.