Quyosh magnetizmi
Quyosh magnetizmi — quyoshda magnit maydon mavjudligi bilan bog’liq murakkab va o’zgaruvchan hodisalar majmui. Quyosh faolligi Quyosh magnetizmining o’zgaruvchan tabiatini bevosita namoyon qiladi. Quyosh magnit maydonini 1908 yilda amerikalik astronom J.Xeyl kashf etgan. Quyosh magnit maydonlari Zeeman effekti asosida o’lchanadi. Quyosh faol, fon va umumiy sohalar magnit maydonlarini ajratish mumkin. Faol sohalar eng kuchli magnit maydonlariga ega. Masalan, Quyosh doglari markazida magnit maydon kuchlanganligi 2000 — 5000 E. Umuman Quyosh dog’lari magnit maydon kuchlanganligi 1400 E dan ortiq bo’lganda hosil bo’ladi. Faol sohalar magnit maydonlarida yig’ilgan energiya juda katta va nobarqaror jarayonlarga manba bo’ladi. Ba’zi Quyosh chaqnashlari paytida YU32 energiya ajralib chiqadi. Fon magnit maydonlari (kuchlanganligi 2-6 E) faol sohalar atrofida ±55° geliografik kengliklarda uchraydi, ularni yakka va qarama-qarshi qutbli magnit sohalar tashkil etadi. Bundan tashqari, ularga katta masshtabli tartiblangan gigant tizilmalar ham kiradi. Quyosh qutblari yaqinida kuzatiladigan sust (1-2 E), kichik masshtabli murakkab strukturalardan iborat magnit maydonlar Quyoshning umumiy magnit maydoni deb qabul qilingan. Bu magnit maydon poloidal xususiyatga ega, ya’ni Quyosh aylanish o’qiga nisbatan simmetrik va har bir Quyosh qutbida qarama-qarshi magnit qutbiylik ustun bo’ladi. Umumiy, faol va fon sohalar magnit maydonlari Quyosh faolligi davri bilan o’zgaradi. Faol sohalar magnit maydonlari Quyosh sathiga uning ostki qatlamlaridan qalqib chiqadi. Umuman fon magnit maydonlarini faol sohalarning kengayish natijasida tarqalgan magnit maydonlarining qoldiqlari va umumiy maydonni esa Quyosh qutblariga qarab ko’chgan fon magnit maydonlari hosil qiladi deb hisoblash mumkin. Hozirgacha Quyosh magnetizmining tabiati mukammal o’rganilmagan.