Quyi Saksoniya

Quyi Saksoniya — Germaniya yeri (Federativ birlik). Mamlakatning shimoliy qismida, Vezer, EMS, Elba daryolari havzasida. Shimoliy dengizga tutash. Katta qismi O’rta Yevropa tekisligida joylashgan. Janubi-sharqida Gars tog’lari bor. Maydoni 47,6 ming km2. Aholisi 7,9 mln.kishi (2001). Ma’muriy markazi — Gannover shahri. Quyi Saksoniya kattaligi bo’yicha 2-o’rindagi yer. Iqtisodiyoti industrial-agrar harakterga ega. Foydali qazilmalardan neft, tabiiy gaz, temir rudasi va rangli metall rudalari, kaliy va osh tuzi qazib olinadi. Qo’ng’ir ko’mir konlari bor. Yetakchi sanoat tarmoqlari: mashinasozlik, kemasozlik («Meyer» verfi), po’lat quyish va kimyo sanoatlari. «Folksvagen» kontserni eng yirik korxonalardan biri. Fotoapparat va pianino ishlab chiqariladi. Elektrotexnika, oziq-ovqat, to’qimachilik sanoati korxonalari mavjud. Eng yirik sanoat markazi — gannoverda har yili sanoat va xalqaro kommunikasiya texnikasi yarmarkalari o’tkaziladi. Hududining 2/3 qismidan qishloq xo’jaligida foydalaniladi. Ularning deyarli yarmi yaylov va o’tloq. Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmog’i — chorvachilik. Asosan, yem-xashak ekinlari, ildizmevalilar va kartoshka ekiladi. Muhim portlari — Vilgelmsxafen, Emdem, Nordenxam, Brake. Turizm rivojlangan.