Qishloq
Qishloq — aholisi, asosan, dehqonchilik, chorvachilik va qishloq xo’jaligining boshqa sohalarida band bo’lgan aholi manzilgohi. Qishloq faqat aholisining mashg’uloti bilan emas, balki ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy, tabiiy geografik va turmush tarzi bilan ham shahardan farq qiladi. Qishloq — O’zbekiston Respublikasi ma’muriy-hududiy tuzilishidagi eng quyi bo’g’in. Qishloqning ijtimoiy-iqtisodiy xususiyati aholini yerdan qay darajada foydalanishi, joyning tabiiy-geografik shart-sharoitlari bilan bog’liq. Shu bois Qishloqlar tarixan katta-kichik bo’lgan, turar joylar ham shunga qarab joylashgan. Tekis, sersuv va tuprog’i serunum, umuman, tabiiy sharoiti qulay joylarda yirik Qishloqlar joylashib, aholi ancha gavjum yashagan, asosan, dehqonchilik, bog’dorchilik bilan shug’ullangan. Tekis, lekin suvi kam bo’lgan joylarda (cho’l va dashtlarda) aholi ko’proq chorvachilik bilan mashg’ul bo’lgan. Bunday joylarda Qishloqlar kichik, bir-biridan ancha uzoйda, asosan, quduqlar yonida joylashgan. Tog’li hududlarda Qishloqlar ko’proq soy, buloqlar bo’yida tarkib topgan. Qishloqlar umumiy bir markazga — qishloq fuqarolik yig’inlariga ega bo’lgan, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan bir-biriga uzviy bog’langan kichik aholi manzilgohlariga ham bo’linishi mumkin. Ular O’zbekistonda mahallalarga ajraladi. Tarixda mahallalarning bir Qishloqga birlashishi aholining dehqonchilikning muayyan turi bilan shug’ullanishi, bir qabilaga mansubligi, bir ariqdan suv ichishi, hashar, to’y va ma’rakalarni birga o’tkazishi va shu kabilarga bog’liq bo’lgan. Qishloq kishilarning ijtimoiy va tarixiy tarkib topgan birligidir. Ularning vujudga kelishi jamiyat taraqqiyoti va hududiy mehnat taqsimotidagi o’zgarishlar bilan bog’liq bo’ladi. Sanoatning rivojlanishi va urbanizatsiya munosabati bilan dunyoda qishloq aholisi salmog’i kamaymoqda. O’zbekiston Qishloqlaridagi aholi salmog’i ortmoqda. Buning asosiy sababi Qishloqlarda aholining takror barpo bo’lish jarayonining shaharlardagiga nisbatan bir qadar jadal kechishidadir. 1970-90 yillarda O’zbekiston aholisining 60% Qishloqlarda yashagan. Respublikada tug’ilishning nisbatan yuqoriligi ma’lum darajada oilalarning ko’pchiligi Qishloq sharoitida, Qishloq turmush tarzida yashab kelayotganligi bilan bog’liq. Masalan, 1990 yilda Qishloqlarda har 1000 kishiga 39 ta bola tug’ilgan bo’lsa, shaharlarda 26 ta bola tug’ilganligi qayd etilgan. Mustaqillik yillarida aholi turmush tarzida iqtisodiy-ijtimoiy o’zgarishlar sodir bo’ldi. 1995 yilda O’zbekiston Qishloqlarida tug’ilishning yig’indi koeffisienti 4,12 ni tashkil etib, aholi takror barpo bo’lishining kengaygan turiga mansub bo’lsa, 2001 yilda bu ko’rsatkich 2,75 ga tushdi va aholi takror barpo bo’lishining oddiy (normal) turini ta’minlamoqda. Bu holat O’zbekiston Qishloq oilalarida ko’p bolalilikdan o’rtacha bolalilikka o’tish jarayoni ro’y berayotganini ko’rsatadi. Qadimiy Qishloqlar aholining mavsumiy manzilgohlaridan tashkil topgan. O’zbekiston hududidagi Qishloqlar dastlab kishilarning qish faslida istiqomat qiladigan joyi sifatida vujudga kelgan («Qishloq» nomi ham shundan). Odamlar asta-sekin dehqonchilik bilan shug’ullanib, o’troqlik davriga o’tgach, Qishloqlar ko’paydi va kengaydi. Ibtidoiy jamiyat davrida shakllangan urug’ birlashmalari o’troqlik davrida ham saqlanib, bir urug’ bir Qishloqqa o’rnashgan. Hozirgi ayrim Qishloqlar o’sha urug’nomi bilan yuritiladi. Keyinchalik urug’larning qabilalarga birlashishi natijasida yirik yoki bir-biriga yaqin joylashgan Qishloqlar paydo bo’ldi. Masalan, Kenagas, Manaq, Mang’it, Mingli, Nayman, Mitan va boshqalar. Quldorlik davrida ko’p mamlakatlarda quldorlarning yerlarida ishlaydigan kishilarning bir joyga o’rnashishi bilan ham Qishloq paydo bo’lgan. Bu Qishloqlar shu yer egasining nomi bilan yoki joyning geografik holatiga qarab atalgan. Hunarmandchilik va savdo-sotiqning rivojlanishi bilan ham yangi Qishloqlar vujudga kelib, kengayib bordi. Karvon yo’llarida, daryolarning kechuv joylarida ham Qishloq yuzaga kelgan: Yettikechuv, Qizilkechuv, Qorakechuv, Langar va boshqalar. Hunarmandchilik va savdo rivojlanib, dehqonchilik ajralib chiqa boshlagach, shaharlar yuzaga keldi. Ilk ijtimoiy formasiyalarda aholining ko’pchiligi Qishloqlarda yashaganligi uchun jamiyatning asosiy ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy xususiyatlari Qishloq hayoti bilan belgilangan. Dastlabki davrlarda Qishloq jamoa boshlig’i, keyinchalik saylanadigan jamoa oqsoqoli yoki jamoa yig’ini tomonidan boshqarilgan. Qishloqlarning tashqi ko’rinishi, qurilishi ham davrdan-davrga o’zgarib borgan. Masalan, Xorazm hududida, Sug’dda 6-7-asrlarda yangi tipdagi Qishloqlar — katta-katta boy oilalar yashaydigan qasr-qo’rg’onlar bo’lgan, oddiy dehqonlar esa mayda qo’rg’onchalarda yashardilar. Har bir qasr-qo’rg’onning atrofi mudofaa devori bilan o’ralgan bo’lib, o’rtasida ko’shki bo’lgan. Temuriylar davrida hoz. O’rta Osiyo hududida Qishloqlarni obodonlashtirishga, ariq va kanallar qazib, bog’-rog’lar barpo qilishga ahamiyat berilgan. Yevropa mamlakatlarida sanoat, ishlab chiqarishning rivojlanishi Qishloq hayotiga ham kuchli ta’sir ko’rsatdi. Qishloqlar 20-asrning 2-yarmida ancha rivojlandi. Qishloq aholisining turmush tarzi yaxshilandi. Qishloqlardagi ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy hayot tarzi tubdan o’zgardi. So’nggi davrda Qishloqlar kamayib, shaharlar salmog’i ortib bordi. Hozirda Qishloq aholisi jahon aholisining qariyb 53%ni tashkil etadi. Yuridik maqomi. «O’zbekiston Respublikasida ma’muriy hududiy tuzilish, toponimik ob’yektlarga nom berish va ularning nomlarini o’zgartirish masalalarini hal etish tartibi to’g’risidagi» O’zbekiston Respublikasining 1996 yil 30 avgustdagi qonunida Qishloqlar, ovullarni tuzish va tugatish, chegarasini o’zgartirish, aholi punktlarini birlashtirish, ma’muriy markazlarini belgilash va ko’chirish, nom berish va ularning nomlarini o’zgartirish va boshqa vazifalar tegishli tuman hokimlarining iltimosnomasiga asosan, xalq deputatlari viloyat Kengashlari tomonidan, Qoraqalpog’iston Respublikasida esa — Jo’qorg’i Kenges tomonidan amalga oshiriladi deyilgan.