Nav
Nav — selektsiya natijasida yaratilgan, muayyan morfologik, fiziologik va xo’jalik belgi hamda xususiyatlari turg’un va nasldan o’tib boradigan, bir turga mansub o’simliklar majmui; madaniy o’simliklar uchun eng kichik tasnif birligi. O’simliklarning Jaydari (mahalliy) va selektsiya yo’li bilan etishtirilgan Navlari bo’ladi. Jaydari (mahalliy) Nav ma’lum bir joyda ekin yetishtirishda uzoq davom etgan yalpi tanlash natijasida yuzaga keladi. Selektsiya Navi ilmiy tadqiqot muassasalarida o’simliklar selektsiyasining turli ilmiy usullarini qo’llab olinadi. Tanlash yo’li bilan Nav ichida biologik barqarorlik (o’simliklarning bir tipda bo’lishi) yuzaga keltiriladi. O’zidan changlanuvchi o’simliklarda Nav o’zidan changlanish yo’li bilan (gomozigot liniya), chetdan changlanadigan ekinlarda chetdan changlanish bilan va birinchi avlod Gete-rozigot duragaylarida har yili duragaylab turish yo’li bilan saqlanib boradi (geterozigot liniya). Selektsiya yo’li bilan chiqarilgan Nav o’z sifatlarini bir kancha avlodlar davomida saqlab boradi. Biroq ishlab chiqarish jarayonida irsiy o’zgaruvchanlik tufayli salbiy mutatsiyalar paydo bo’lishi, mexanik va biologiya ifloslanish, o’simliklarning kasalliklarga chidami pasayib qolishi va boshqalar natijasida Nav xususiyatlari asta-sekin o’zgarib boradi. Eng yaxshi Navdan foydalanish qishloq xo’jalik ekinlari hosildorligini oshirish va mahsulot sifatini yaxshilashning samarali usullaridan biridir. Buning uchun elita urug’lari kerak bo’ladi, bunday urug’larni urug’chilik xo’jaliklari yetishtirib beradi. O’simliklar Navlarining haqiqiyligi nav nazorati yordamida aniqlanadi. Eski Nav yangilari bilan almashtirib turiladi, ya’ni nav almashtirish ishlari olib boriladi. O’zbekistonda ilmiy tadqiqot muassasalarida yaratilgan barcha ekinlar Navlari Davlat nav sinovidan o’tkazilib, eng yaxshilari ishlab chiqarishga joriy etish uchun ajratib olinadi. Har yili ekish uchun tavsiya etiladigan Navlar ro’yxati Respublika qishloq va suv xo’jaligi vazirligining qishloq xo’jaligi ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasi tomonidan O’zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xujaligi ekinlari davlat reestrida e’lon qilinadi. Ad.: O’zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo’jaligi ekinlari ta’rifi, T., 2001.