Qoraqurum
Qoraqurum (mo’g’ulcha Xara-Xorin) — Mo’g’ullar davlati poytaxti. Qoraqurum xarobalari Xangay tog’i Sharqiy etaklarida, Urxun daryosi yuqori oqimi bo’yida joylashgan. Qoraqurum haqidagi ma’lumotlar Xitoy solnomalari va 13-asr Yevropa sayyohlari Plano Karpini, Marko Polo (1253), V.Rubruk, shuningdek, Juvayniy, Abulg’oziy asarlarida qayd etilgan. Juvayniyning yozishicha, dastlab Urxun daryosi boshlanadigan tog’lar shunday atalgan. Qoraqurumning uzunligi 1/2 farsaxni tashkil etgan. Shahar qisqa muddat ravnaq topgan davrda ko’p qurilish ishlari olib borilgan. Xitoy va musulmon ustalari tomonidan ko’plab saroylar qurilgan. Qoraqurumdan 2 farsax Sharqda Targ’ubaliq (qimmatbaho mato shahri) qasri bo’lgan. G.Rubrukning bergan ma’lumotiga ko’ra, Qoraqurumda musulmonlar va xitoyliklar mahallasi bo’lgan; musulmonlar mahallasida bozor joylashgan, xitoyliklar mahallasida hunarmandlar yashagan. Qoraqurumda katta saroylar, turli xalqlarga tegishli 12 ta sajdagoh, jumladan, musulmonlarning 2 masjidi qurilgan. Shahar paxsa devor bilan o’rab olinib, 4 ta darvozasi bo’lgan. Abulg’oziy Bahodirxonning yozishicha, O’qtoyxon Xitoydan Binokor usta va naqqoshlar keltirib ko’plab uy-joylar, saroylar, ko’shklar qurdirgan. Zargarlarga oltin va qumushdan fil va sher haykallar yasattirib atrofini hovuz qilgan. Fil bilan sherning og’zidan hovuzlarni ichiga sharob to’kilib turgan va boshqalar. Munkexon davrida, 1256 yil uzunligi 300 qadamdan iborat 5 qavatli katta Stupa hamda unga tegishli qo’shimcha binolar qurilgan. Ushbu binolar ichidagi katta xonalar Budda haykallari bilan bezatilgan, binolar 1311 yil ta’mirlangan. 1342 yil Qoraqurumda qayta qurilish ishlari boshlangan, u 4 yil davom etgan. Ishlar yakunlangach, mo’g’ul va Xitoy yozuvi bitilgan stela (ustun) o’rnatilib, unda mo’g’ullar poytaxtining qisqacha tarixi bayon etilgan. Xubilayxon davrida poytaxt Xitoy hududiga ko’chirilishi bilan Qoraqurumning mavqei nihoyatda tushib ketgan. Yuan sulolasi hukmronligi davrida Qoraqurum noib qarorgohiga aylangan, bu noib odatda valiahd shahzodalardan tayinlangan. Xitoydagi Min sulolasi imperatorlari bilan mo’g’ul xonlari o’rtasidagi urush- lar natijasida yuan sulolasi barham topgach, Qoraqurum Xitoy qo’shinlari tomonidan 1380 yil vayron qilingan. Oradan 200 yil o’tgach, Qoraqurum xarobalari yonida mashhur Erdenidzu budda monastiri qurilgan. Omoch tishlari va tegirmontoshlar, cho’yan qozonlar va arava g’ildiraklari o’qi, mahalliy va xorijiy buyumlar, tangalar va boshqalar topilgan. Qoraqurumdan Sharqda kanal suvlari bilan sug’orilgan ekinzorlar mavjud bo’lgan. Shaharga asos solingandan buyon ishlab chiqarish sanoati, jumladan, cho’yan quyish, asosan, asir olingan xorijiy hunarmandlar tomonidan amalga oshirilgan.1899 yil rus olimi N.M.Yadrintsev tomonidan olib borilgan tadqiqot ishlari natijasida Qoraqurumning o’rnashgan eri aniqlangan. AM.Pozdneyev esa tarixiy manbalar tahlili asosida Qoraqurum Erdenudzu budda monastiri (1585 yil Qoraqurumning bir chekkasida qurilgan) yonida bo’lganini tasdiqladi. Shahar 1220 yil Chingizxon tomonidan bunyod etilgan, 16-asrda vayron etilgan. 1948 — 49 yillarda S.V.Kiselyov rahbarligi ostida arxeologik qazish ishlari olib borilgan. Shaharning Janubiy g’arbiy qismidan O’qtoy qoonning saroyi (55×45 metr) xarobalari topilgan. saroy ostidan rangli devoriy rasmlari bo’lgan butparastlar’ sajdagohi qoldiqlari (12-asr oxiri — 13-asr boshi) topilgan. Qoraqurumning Markaziy ko’chalarida savdo-hunarmandchilik mahallalari, xumdonlar va temirchilik ustaxonalari qoldiqlari tadqiq etilgan. Faxriddin Hasanov.