Qosim Shayx
Qosim Shayx, Shayxi Azizon (16- asr boshi — Karmana — 1578) — tasavvuf tariqatining yirik namoyandasi, Shayx. Abdullaxon II ning piri. Qosim Shayx tasavvufning jahriya sulukiga mansub. Uning kamolga yetishida Shayx Xudoydod Valiyning ta’siri katta bo’lgan. Shayboniylar sulolasining vakillari Iskandarxon, uning o’tli Abdullaxon II va ukasi Rustam Bahodirxon ibn Jonibek Sulton va boshqalarga Qosim Shayxning ta’siri kuchli bo’lgan. «Abdullanoma» asarida yozilishicha, Qosim Shayx Shayboniy sultonlar o’rtasidagi o’zaro urushlarni to’xtatib, Turkistonni yagona davlatga birlashtirish g’oyasini oldinga surgan hamda bu yo’lda qat’iy siyosat yuritayotgan Abdullaxon II ni faol qo’llab-quvvatlagan. U Shayboniy sultonlarni bir necha marta o’zaro yarashtirgan va sulh tuzishga erishgan (1554, 1558, 1569 va boshqalar). Abdullaxon II hokimiyat tepasiga kelgach (1557), Karmanada Shayx uchun muhtasham xonaqoh qurdirgan (1558). Zamondoshlari tomonidan Qosim Shayxga «Hazrati Eshon», «qutb ul-avliyo», «Shayxi Azizon» kabi unvonlar berilgan. Manba.: Hofiz Tanish Al-Buxoriy, Abdullanoma, 1-2-kitoblar, T., 1999— 2000; Hasanxoja Nisoriy Muzakkiri ahbob, T., 1993. Ad.: Inoyatov S, To’raev H., Saidov M ., Qosim Shayx Azizon, T., 2000. Qahramon Rajabov.