Qonunchilik tashabbusi
Qonunchilik tashabbusi — qonun loyihalarini qonun chiqaruvchi organlar muhokamasiga taqdim etish huquqi; mazkur organlar qonun loyihasini muhokama qilishga va shu loyiha yuzasidan qaror qabul qilishga majbur. Zamonaviy davlatlarda Qonunchilik tashabbusi huquqiga, odatda, parlament deputatlari, parlament qo’mitalari, hukumat, davlat boshlig’i va umummilliy kompetentsiyali alohida idoralar egadir. Qonunchilik tashabbusi huquqi qanday idoralar va shaxslarga berilishi Konstitutsiyada belgilab qo’yiladi. Masalan, O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi bo’yicha, Qonunchilik tashabbusi huquqiga O’zbekiston Respublikasi Prezidenti, o’z davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpog’iston Respublikasi, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xo’jalik sudi, Bosh prokurori egadirlar va bu huquq Qonunchilik tashabbusi huquqi sub’yektlari tomonidan qonun loyihasini O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish orqali amalga oshiriladi (83-modda). Qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo’lmagan tashkilot va ayrim fuqarolar ham muayyan qonunlar tayyorlanayotganda o’z takliflarini berishi mumkin (ular qonun tayyorlanish jarayonida ko’rib chiqiladi va inobatga olinadi).