Qobiliyat

Qobiliyat —insonning individual salohiyati, imkoniyatlari. Qobiliyat bilimdan keskin farqlanadi, bilim mutolaa natijasi hisoblanadi, Qobiliyat shaxsning psixologik va fiziologik tuzilishining xususiyati sanaladi. Qobiliyat ko’nikma, malakassh farq qiladi. Aksariyat ilmiy manbalarda mohirlik bilan Qobiliyat aynanlashtiriladi. Qobiliyat inson tomonidan ko’nikma va malakalarning egallanishi jarayonida takomillashib boradi. Har qanday Qobiliyat turi shaxsga tegishli murakkab psixologik tushunchadan tashkil topgan bo’lib, u faoliyatning talablariga mutanosib xususiyatlar tizimini o’z ichiga oladi. Shuning uchun Qobiliyat deganda birorta xususiyatning o’zini emas, balki shaxs faoliyatining talablariga javob bera oladigan va shu faoliyatda yuqori ko’rsatkichlarga erishishni ta’minlashga imkoniyat beradigan xususiyatlar sintezini tushunmoq lozim. Barcha Qobiliyat uchun tayanch xususiyat — kuzatuvchanlikda, ya’ni insonni fahmlash, ob’ektdan u yoki bu alomatlarni ko’ra bi- lish, ajrata olish ko’nikmasidir. Qobiliyatning yetakchi xususiyatlaridan biri — narsa va hodisalar mohiyatini ijodiy tasavvur qilishdir. U shaxsning shakllanishi va rivojlanishi natijasi bo’lishi bilan birga, tabiiy manbaga ham ega. Bu tabiiy manba ko’pincha zehn tushunchasi bilan yuritiladi. Zehn muayyan bir faoliyatga yoki ko’pgina narsalarga nisbatan ortiqcha qiziquvchanlikda, moyillikda, intilishda namoyon bo’ladi. Zehn nishonalari deganda Qobiliyat ichki imkoniyatlarining tabiiy asosini tushunish lozim. U ishtiyoq, moyillik, mehnatsevarlik, ishchanlik, talabchanlik kabilarning mahsulidir. Qobiliyat umumiy va maxsus turkumlarga ajratiladi. Umumiy Qobiliyat deganda yuksak aqliy imkoniyat va taraqqiyot tushuniladi. Qobiliyat tabiiy ravishda shakllanishi va muayyan reja asosida rivojlantirilishi mumkin. Qobiliyatni ma’lum faoliyatga moyillik yoki intilish orqali, tabiiy zehn nishonalarini aniklash, mutaxassis rahbarligida uzluksiz faoliyatga jalb etish, Qobiliyatni takomillashtirishning maxsus vositalarini qo’llash, shaxsning faollik alomatlarini maksimal darajada rivojlantirish, inson shaxsiga alohida yondashuvni umumiy talablar bilan uyg’unlikda olib borish va boshqalar orqali rivojlantirish yo’llari mavjud. Qobiliyatning yuqori darajasi iste’dod va daholik namoyon bo’ladi. Ergash G’oziyev.