Qirg’oq

Qirg’oq — suv havzalari (okean, dengiz, ko’l va suv omborlari) va oqar suvlar (Daryo, vaqtli oqar suvlar) bilan quruqlik tutashgan hamda o’zaro ta’sir ro’y berib turadigan kambar yer. Qirg’oqlarning quruqlik tomondagi chegarasi — qirg’oq chizig’i deyiladi. Qirg’oqning tarkib topishi va xususiyatlari to’lqinlarga, oqar suvlarda oqim harakatiga bog’liq. Qirg’oqning o’zgarishiga tektonik harakatlar ham ta’sir ko’rsatadi. Qirg’oq ko’rinishi, tuzilishi, o’zgarishi va holatiga ko’ra xilma- xil bo’ladi. Dengiz Qirg’oqlari balandligi, parchalanganligi, geologik tuzilishi, shakli, yoshi va boshqalarga ko’ra turlarga ajratiladi: 1) endogen va ekzogen jarayonlar natijasida paydo bo’lgan yosh Qirg’oqlar. Ularga dastlab tekis bo’lib, keyin parchalangan tektonik va erozion-tektonik, erozion, muzlik, shamol ta’sirida paydo bo’lgan hamda vulkanik Qirg’oqlar kiradi; 2) to’lqindan boshqa jarayonlar ta’sirida paydo bo’lgan Qirg’oqlar dengiz suvi ko’tarilib qaytganda hosil bo’lgan, denudasion, organik qoldiqlardan hosil bo’lgan Qirg’oqlardan iborat; 3) to’lqinlar ta’sirida vujudga kelgan Qirg’oqlar. Ular abraziya va akkumulyatsiya ta’sirida, ya’ni dengiz to’lqinlari ta’sirida vujudga keladi va juda ko’p uchraydi. Yirik daryolarning quyilish joylarida Delta Qirg’oq shakllanadi. Qirg’oq tiplari shakllanishida va tarqalishida tabiiy geografik zonallik aniq ko’rinadi. Masalan, termoabraziv Qirg’oqlar qutbiy zonalarga, marjonli va mangrali Qirg’oqlar tropik va ekvatorial mintaqalarga xos. Hozirgi zamon tektonik harakatlari ham dengiz Qirg’oqlarining shakllanishiga katta ta’sir ko’rsatadi. Muzlik davridan keyingi transgressiya ko’tarilgan maydonlardagiga nisbatan tektonik cho’kayotgan sohilbo’yi rayonlarda quruqlik ichkarisiga ancha kirib borgan. Uchchala guruhdagi Qirg’oqlar Ford, shxera, Dalmasiya, rias, panjasimon, liman, Orol, dengiz tipli, marjonli, fitogen, abrazion-buxtali, lagunali, qum tilli kabi tiplarga bo’linadi. Oqar suvlarning Qirg’oqlari rivojlanishida o’zan oqimi muhim omil hisoblanadi. Daryo qlari tog’va tekisliklarda bir-biridan keskin farq qiladi. Daryolardagi oqim faoliyati qlarning eroziyasi, o’zanning alohida joylarida oqiziqlarning to’planishida namoyon bo’ladi. Katta daryolar qlarining shakllanishda gravitasiya jarayonlari (Surilma, ko’chki, sochilma) muhim ahamiyatga ega. Suv bosadigan (qayirli) va suv bosmaydigan (tub, terrasali) Daryo Qirg’oqlari farq qilinadi. Qirg’oqlarning kelib chiqishi, o’zgarishi, morfologiyasini o’rganish port va ko’priklar qurilishi, Qirg’oqlarni mustahkamlash ishlarida, kema qatnovida, rekreasiya zonalari tashkil etish, foydali qazilma konlarini o’rganishda, suv omborlari qurishda katta ahamiyatga ega.