Qovunqoqi
Qovunqoqi — pishib yetilgan qovundan tayyorlanadigan qoqi; qovunning quritilgan eti. Qovunqoqi qimmatli oziq-ovqat mahsuloti. Qovun tarkibidagi glyukoza, fruktoza va saxarza, kletchatka va gemisellyulozalar, shuningdek, pektinlar saqlanadi. Qovunni oftobda oddiy usul yoki maxsus quritgich shkaflarda quritiladi. Qovunqoqini hamma navlardan tayyorlash mumkin, qovun etining tig’izlik darajasiga qarab, quritish va qirqishning turli usulidan foydalaniladi. Eti tig’iz bo’lgan Qizilurug’, oq urug’, Ko’kcha, gulobi va boshqa navlari oddiy usudda ilmoqlarda, eti bo’sh, yumshoq etli (Bosvoldi, Toshloqi, Gurvak va boshqalar) navlarni so’kchaklarga yoyib 2-3 kun quritiladi, so’ngra yaxshi qurib yetilishi uchun zanglamaydigan simlarga osib qo’yiladi. Qovunqoqini ob-havo sharoiti va qovun tilimlarining qalinligiga ko’ra, quritish 6-12 kunga boradi. Tayyorlash usuli: qovun o’rtasidan teng ikkiga ajratilib, urug’i olinadi. Pallalar eni 3-4 santimetr qilib tilimlanadi, pichoq bilan po’stidan ajratiladi va o’rtasi oxirigacha kesilmay bir juft qilib osib qo’yiladi. Shirasi o’rtacha navlardan 4,5—5,5, juda shirin navlardan 7,5— 10,1% (o’rtacha 7%) qoqi tushadi. Tarkibida umumiy qand miqdori 38-75,7%, quruq moddalar 76-91%, 15,4—83,7 mg% S vitamini bor. Namligi 20% atrofida bo’ladi. 1 tonna Qovunqoqi uchun 11,7— 15,2 tonna qovun talab etiladi. Asosan, qish va bahor fasllarida iste’mol qilinadi.