Qisqartma so’zlar
Qisqartma so’zlar — barqaror so’z birikmalari komponentlarining bosh harflarini yoki ma’lum qismlarini olib qo’shish bilan hosil qilingan so’zlar. Masalan, IIV — ichki ishlar vazirligi, XTB — Xalq ta’limi boshqarmasi, fil-fak — filologiya fakulteti. Qisqartma so’zlar nutqda ixchamlikka erishish zarurati bilan dastlab yozma nutqda paydo bo’ladi va faol qo’llanishi natijasida keyinchalik og’zaki nutqqa ham o’tadi. Qisqartma so’zlar, asosan, ot turkumiga mansub bo’lib, quyidagi yo’llar bilan hosil qilinadi: 1) so’z birikmasi komponentlarining birinchi harflarini olib qo’shish bilan (HDP — Xalq demokratik partiyasi, DTM — Davlat test markazi, OAK — Oliy attestasiya komissiyasi); Qisqartma so’zlarning bu turi ilmiy adabiyotlarda abbreviatura deb ham ataladi; 2) so’z birikmasi tarkibidagi 1-so’zning 1-bo’g’inini, qolgan so’zlarning 1-harflarini olib qo’shish bilan (O’zMU — O’zbekiston milliy universiteti, «O’zAS» («O’zbekiston adabiyoti va san’ati»); 3) so’z birikmasi tarkibidagi so’zlarning bosh qismlarini olib qo’shish bilan (biofak — biologiya fakulteti, jurfak — jurnalistika fakulteti); 4) so’z birikmasi tarkibidagi 1-so’zning 1-bo’g’inini, qolgan so’zlarni qisqartirmay qo’shish bilan (O’zdonmahsulot, O’zgazloyiha); 5) aralash yo’l bilan (O’zbektelekom, O’zteleradiokompaniya, O’zavtoyo’l) va boshqalar. Qisqartma so’zlar xalqaro tashkilotlar (BMT, YUNESKO), mamlakat va davlatlar (XXR, RF, AQSh), siyosiy partiyalar, harbiy uyushmalar (O’zLDP, NATO), ilmiy-o’quv muassasalari (O’zR FA, O’zDJTU, FarDU), vazirlik, idora, muassasa, tashkilot, korxonalar (XTV, DTM, O’zmashxolding, Toshshaharyo’lovchi), mashina, asbob-uskunalar va inshootlar (EHM, ATS, GES) va boshqalarning nomlarini bildiradi. Qisqartma so’zlar tayyor holda boshqa tillardan o’zlashtirilishi (YUNESKO, FIFA, FIDE, NATO, AES) yoki muayyan til, masalan, o’zbek tili materiallari asosida hosil qilinishi mumkin. Keyingi turga mansub O’zbekcha Qisqartma so’zlarning aksariyati rus tilidagi so’z birikmalari va ular asosidagi Qisqartma so’zlarning kalkalari hisoblanadi, masalan, BMT<OON, Dan< GAI, OAV (ommaviy axborot vositalari)< SMI (sredstva massovoy informatsii), EHM< EVM kabi. Nosirjon Oxunov.