Qirqma

Qirqma — xalq selektsiyasida chiqarilgan kechpishar qovun navi. Shakli ellipssimon, yirik, uchi to’mtoq, uzunligi 30— 36 santimetr, og’irligi 4-6 kilogramm. Dum tomoni sal burishgan, uch qismi deyarli tekis. To’ri to’liq, yirik, nozik. Tusi jigarrang- sariq. Ustidagi gullari ingichka. Po’sti qattiq, eti och yashil, qalinligi 4,5—5 santimetr, o’rtacha tolali, sersuv, shirin. Uzish vaqtida tarkibida 7,4% qand (shu jumladan, Saxaroza 3,9%), 8,7% quruq modda bor. Saqlanish davrida shirasi ortadi. Urug’xonasi o’rtacha kattalikda, urug’i yirik. Urug’i unib chiqqandan keyin hosili 100-110 kunda pishib yetiladi. Hosildorligi 240-280 ts/ga. Uzoq vaqt asrash va tashishga chidamli. Toshkent viloyatida keng tarqalgan.