Qiziqchilik
Qiziqchilik — o’zbek an’anaviy teatr turi. Qiziqchilik teatri, asosan, Qo’qon xonligi hududida (ayniqsa, Farg’ona vodiysi va Toshkentda) rasm bo’lgan, ijrochisi qiziqchi (qiziq), to’da boshlig’i va ish yurituvchisi korfarmon deb atalgan. Uning repertuarini tanqid va muqallid janrlaridagi hajviy va yumoristik komediyalar, kulki-hikoya tashkil etgan. Qiziqchilik og’zaki dramaturgiyaga asoslangan; bunda ko’rsatiladigan tomoshalarning Fabulasi, syujeti, ayrim barqaror savol-javoblari ma’lum bo’lib, qiziqchilari tomonidan oldindan o’zlashtirilgan va shu asosda ijod va ijro qilingan. Qiziqchilar o’z ijodlarida ko’proq so’z san’atiga tayangan, xalq poetik ijodi, til boyligi, askiyachi, mumtoz adabiyot namunalaridan ustalik bilan foydalanganlar; muayyan rolda o’ynaganda xarakterga yarasha liboslarda chiqsada, odatda, qizil, sariq yoki jigarrang matodan tikilgan yoki quroq kamzul kiygan. 19-asrda qiziqchilarning truppalari (masalan, Bidiyorshum, Zokir Eshon boshchiligidagi to’dalar) faoliyat ko’rsatgan. Zokirjon qiziq to’dasiga 20 dan ziyod qiziqchi uyushgan bo’lib, yuzga yaqin tanqid, muqallid, kulki-hikoyalar va latifalar namoyish etishgan. 20-asrning 1-yarmida Yusufjon qiziq Shakarjonov boshliq 50 ga yaqin qiziqchi Qiziqchilik merosini saqlab, yangi sharoitlarda baholiqudrat ijod qilib, o’z bilim va tajribalarini yosh ijrochilarga singdirib keldilar. 20-asrning 2-yarmida qiziqchilarning yangi avlodi maydonga keldi. Ular an’anaviy teatr merosi, ijro madaniyatidan ta’sirlangan bo’lsalarda, Qiziqchilikni milliy an’analarga tayangan va jahon kulgi ustalari ijodidan ta’sirlangan holda o’z dasturlarini o’zlari to’qib, o’zlari ijro etadilar. Bu tarixiy jarayon Zaynobiddin Yusupov, Muhiddin qiziq Darveshov, Jo’raxon Po’latov kabi qiziqchilar faoliyatidan boshlangan. Mustaqillik davrida Mirzobek Xolmetov, Obid Asomov va ular tuzgan Qiziqchilik teatri Shuhrat qozondi. Shuningdek, «Mirzo», «Obid-A», «qahqaha», «Handalak» kabi Qiziqchilik guruhlarining tanilishida televidenie muhim rol o’ynadi. Ad. Qodirov M., O’zbek teatri tarixi, T., 2003. Muhsin Qodirov.