Qissaxonlik

Qissaxonlik — afsona, rivoyat, xalq dostonlari va qissalar aytish va eshitish an’anasi. Utmishda Qissaxonlik uchun Maxsus kecha va yig’inlar uyushtirilgan. Ularda xalq dostonlarining qayta ishlangan variantlari («hikoyati Go’ro’g’li Sulton», «Yusufbek bilan Ahmadbek»), mumtoz adabiyot namunalari asosida tuzilgan hikoyalar («Bahrom va Gulandom», «Layli va Majnun», «Farhod va Shirin»), tarjimalar («Rustami Doston», «Qissai Jamshid», «Vomiq bilan Uzro») O’qilgan. Qissaxonlik repertuarida «Zarqum», «Muhammad Hanafiya», «Said Battol G’ozi», «Bobo Ravshan» kabi diniy asarlar ham bo’lgan. Qissa tuzish va Qissaxonlik 13-14-asrlardan shakllana boshlagan, 16-17-asrlarda jadal rivojlangan, 19-asrning 2-yarmida favqulodda avj olgan. Bu jarayon, dastlab Qozonda, keyinchalik Orenburg, Toshkent, Xiva, Kogon va boshqa shaharlarda qissalarning ko’plab nashr etilishi bilan ham bog’liq bo’lgan. Qissaxonlik, asosan, shahar, shaharga yaqin yirik qishloq va tuman markazlarida keng rivojlangan bo’lib, 20-asrning 30-yillarigacha davom etgan. Qissaxonlik omma orasida ma’rifat tarqatish vositalaridan biri, adabiyot va san’at ixlosmandlarining yig’inlari sifatida o’tmishda muhim ahamiyat kasb etgan. Hozirg, radio, televidenie, matbuot, teatr, kino va boshqa madaniy-ma’rifiy vositalarning rivoji, keng tarqalganligi bois Qissaxonlik an’anasi ijtimoiy va maishiy hayotdan batamom chiqib ketgan.