«Qirq qiz»
«Qirq qiz» — qoraqalpoq xalq qahramonlik eposi. Qoraqalpoq xalqining madaniy yodgorligi. Qurbonboy baxshi Tojiboy o’g’lidan yozib olingan (1939— 40). Asarda tasvirlanishicha, Olloyor boyning yagona qizi Guloyim qirq dugonasi va o’z oshig’i Arslon bilan Eron shohi Nodirshoh va qalmoq xoni Surtaysha hujumidan yurtini himoya qilishga otlanadi. Asar erksevarlik, vatanparvarlik va gumanizm g’oyalari bilan sug’orilgan. Undagi Guloyim, Oltinoy, O’tbosgan, Arslon, Sarvinoz kabi obrazlarda jasurlik, Vatanga sadoqat, insoniylik, dushmanga shafqatsizlik g’oyalari mujassamlashgan. Asarning syujet chizig’i To’maris, saklar malikasi Zarina haqidagi rivoyatlarga o’xshab ketadi. Asarning qo’lyozma nusxalari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog’iston filiali kutubxonasida saqlanadi. «Qirq qiz» o’zbek, turkman, qozoq, qirg’iz va rus tillarida nashr qilingan. Epos haqida V.M.Jirmunskiy, Q.Maqsetov, N.Dovqorayev va boshqalarning tadqiqotlari bor. Asar syujeti asosida A.Halimov «Qirq qiz» simfonik dostonini yaratgan (1940).