«Qizlar sayli»
«Qizlar sayli» — o’zbeklarda Navro’z (Hamal) oyi oxirlarida o’tkaziladigan qadimgi marosim. Farg’ona vodiysi, Toshkent, Jizzax va boshqa viloyatlarda udum bo’lgan. Asosan, qiz-juvonlar qatnashgan. «Qizlar sayli» har yili o’rik gullab, mayiz kattaligida dovuchcha tukkan vaqtda o’tkazilgan. Sayilga bayram liboslarida, dugonalardan birining dala-bog’iga aravalarda chiqilgan. Qizlar o’zlari bilan changqovuz, dutor va childirma olib, bog’da o’yin-kulgi uyushtirganlar, taom pishirib yeb, kechga yaqin gul terib, dovuchcha yig’ib yana aravalarda uylariga qaytganlar. «Qizlar sayli» Farg’ona vodiysida, Toshkent viloyatining ko’pgina qishloqlarida hozirgacha davom etib kelmoqda. Endilikda bu marosimga barcha yoshdagi ayollar ham qatnashmoqda. Faqat ayrim erlarda (masalan, Qo’qon va Namangan shaharlarida) bu marosim hamon qiz-juvonlar sayli bo’lib kelmoqda. Hozirgi «Qizlar sayli» ko’pgina jamoa bog’larida yoki dala shiyponlarida o’tkazilmoqda. Usmon Qoraboyev.