Qizqo’rg’on qo’rg’oshin-qalay koni
Qizqo’rg’on qo’rg’oshin-qalay koni — Samarqand viloyatidagi Zirabuloq tog’ining Janubiy yon bag’ridagi kon. 1951 yilda G.F.Shenderey ochgan. Kon geologiyasini H.N.Boymuhamedov, E.A.Usmonov o’rgangan. Konning geologik tuzilishida silur davrining marmarlashgan ohaktosh va dolomitlari bilan yuqori karbon — quyi Perm otqindi jinslari ishtirok etgan. Otqindi jinslar granodiorit, leykokrat, granit va lamprofir, aplit Daykalaridan iborat. Kon Zirabuloq antiklinalining Janubiy qanotiga birikkan bo’lib, unda shimoliy- Sharqiy va shimoliy-g’arbiy yo’nalishlardagi tektonik dislokasiyalar mavjud. Konda qo’rg’oshin-qalayli magnezial skarnlar, gidrotermal o’zgargan zonalar va tomirlar ajratiladi. Rudali skarnlar granodiorit va granit-aplit daykalari bilan dolomitli ohaktoshlarning tutashgan joylari hamda karbonat jinslar ichida hosil bo’lgan. Ohaktoshlarda gidrotermal o’zgargan zonalar va tomirlar rivojlangan. Kon rudalaridagi asosiy foydali qazilmalar — qo’rg’oshin minerali — galenit bilan qalay minerallari — kassiterit, stanin, tillit, frankit. Noruda minerallardan piroksen, amfibol, kvars, kaltsit bor. Qizqo’rg’on qo’rg’oshin-qalay koni qo’rg’oshin-qalayli skarn gidrotermal konlarga kiradi.