Nutq a’zolari
Nutq a’zolari, nutq apparati — odam organizmining nutq tovushlari hosil bo’lishida qatnashadigan turli qismlari. Til, lab, yumshoq tanglay, hiqildoq muskullari va nafas muskulaturasidan tashkil topgan periferik nutq apparati faoliyatini bosh miya po’stlog’i boshqaradi. Aktiv Nutq a’zolariga til, lab, yumshoq tanglay, passiv Nutq a’zolariga esa tishlar, qattiq tanglay, burun bo’shlig’i kiradi. Nutq a’zolari 3 qismdan iborat: 1) nafas yo’li — nutq apparatining quyi qismi; 2) hiqildoq — nutq apparatining o’rta qismi; 3) tomoq, og’iz va burun bo’shliqlari — nutq apparatining yuqori qismi. Nutq apparatining quyi qismi (nafas yo’li) tovush chiqarish uchun asos bo’lib xizmat qiladi. Nutq apparatining yuqori qismi — bo’g’iz va tomoq, og’iz va burun bo’shliqlari muhim Nutq a’zolari bo’lib, nutq tovushlarining rang-barang turlarini hosil qiladi.