Nog’oraxona
Nog’oraxona (naqqoraxona) — o’rta asrlarda hukmdor saroyida musiqa cholg’u asboblari (nay, karnay, surnay, nog’ora va hokazolar) saqlanadigan va shu asboblar ijrochilariga mo’ljallangan maxsus joy. Xorazmshohlar davrida Nog’oraxona o’rnida talbxona istilohi qo’llanishda bo’lgan. Harbiy harakatlar chog’ida Nog’oraxona oliy bosh qo’mondonning baland yerga o’rnatilgan hirgohi oldidan joy olgan, jangchilarni ruhlantiruvchi kuylarni tinmay ijro etib turgan. Nog’oraxonadan eshitiluvchi musiqa ovozining tinishi muayyan darajada mag’lubiyatdan darak bergan. Saroylarda Nog’oraxona darvoza ustidagi xonaga joylashgan. Nog’oraxonada mavjud cholg’u asboblaridan saroyda o’tadigan turli tantanalar, bayramlar, xalq tomoshalarida foydalanilgan. Nog’oraxonadagi cholg’uchilarga mehtar boshchilik qilgan. Bu cholg’uchilar repertuarida xalq og’zaki ijodi an’analaridagi professional musiqa asarlari, shuningdek, surnay, (nafir), nog’ora (naqora, ko’s, tabl, qovurg’a) va naylarda chalinadigan turfa janrlardagi ommabop kuylar alohida o’rin egallagan. Hukmdor Nog’oraxona sozandalari xizmatidan tez-tez uyushtirilib turadigan ov (chorga) paytida ham foydalangan.