Nukat

Nukat — o’rta asr shahri. Toshkentdan Tunkatga va Farg’onaga boradigan savdo yo’lida joylashgan. Nukat 11 —12-asrlardagi Sharq yo’lnomalarida qayd etilgan. 9-10-asrlarda kattaligi jihatidan Ilokda Tunkatdan keyingi o’rinda turgan. Nukatning keyinchalik ulkan To’ytepa deb atalgan shahar xarobasini 1928 yil M. E. Masson Toshkent yaqinidagi To’ytepa qishlog’idan topgan. Nukatning markazi to’g’ri burchak shaklidagi Shahriston bo’lib, maydoni 18 gektar. U to’rt darvozali ulkan devor bilan o’ralgan. Shimoliy qismida to’rtburchakli 0,75 gektar kattalikdagi qal’a bo’lgan. Nukatning rabodi 100 gektardan ortiq maydonni egallagan. Shaharning Sharqiy qismida o’liklar ossuariylar (ostodon) da dafn qilingan qabriston joylashgan. Nukatdan 8-12-asrlarga oid tangalar, sopol, oltin, mis va jez idishlar, temir o’roq, pichoq, shuningdek, chiroyli qandil va murakkab bosma naqshlar bilan bezalgan idishlar topilgan. Topilmalarning eng qadimgisi 6-7-asrlarga oid. 9-10-asrlarda shahar tez rivojlangan. Idrisiyning ma’lumotiga ko’ra, 12-asrda Tunkat tanazzulga uchrashi munosabati bilan Iloq davlatining poytaxtiga aylangan. 13-asr boshida mo’g’ullar istilosi natijasida xarobaga aylangan.