Najafov Sulaymon Narimon o’g’li
Najafov Sulaymon Narimon o’g’li (1937.25.7, Ozarbayjon Respublikasi Aqdam tumani — 1993.25.10, Jizzax) — teatr rassomi, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1989). Boku shahridagi rassomlik bilim yurtini (1968) va Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1976). 1976 yildan Yunus Rajabiy nomidagi Jizzax viloyat musiqali drama teatrida, 1991 yildan Jizzax viloyat qo’g’irchoq teatrida rassom. Najafov ijodi adabiy asardagi milliy va badiiy g’oyaning tasviriy obrazini sahna bezaklarida yaratishga qodirligi bilan diqqatga sazovor. Jizzax teatrining «Xolisxon» (1978), «zo’raki tabib» (1978), «Oygul va Baxtiyor» (1979), «Kelinlar qo’zg’oloni» (1979), «Vatan ishqi» (1981), «Xonuma xonim» (1982), «katta o’g’il» (1984), «qasam va vijdon» (1988) kabi, Jizzax qo’g’irchoq teatrining «Temirboyning sarguzashtlari» va boshqa spektakllari shular jumlasidan.