Nozim Hikmat Rah
Nozim Hikmat Rah (Nazim Hikmet Ran) (1902.20.1, Saloniki — 1963.3.4, Moskva) — turk shoiri va jamoat arbobi. Turk she’riyatiga yangi ritm va erkin she’r janrini olib kirgan. Harbiy-dengiz bilim yurtida o’qigan. «Qirq haromilar asiri» she’ri (1920) Turkiyaning mustamlakachilik kishanlariga tushayotganiga qarshi yozilgani uchun inglizlar va Sulton saroyi tomonidan ta’kib etilgan. Nozim Hikmat Rah shu yili inglizlar zabt etgan Istanbulni tark etib, Anatoliyaga ko’chib o’tadi. G’arb davlatlarining mustamlakachilik siyosatiga qarshi kurash g’oyalari ta’sirida Moskvaga kelib (1922), Sharq xalqlari mehnatkashlari kommunistik universitetida o’qiydi. Vataniga qaytgach (1924), adabiy faoliyat bilan shug’ullanadi. 1927 yil kommunistlar va ularga maslakdosh kishilarning quvg’in qilinishi bilan Nozim Hikmat Rah yana sho’rolar mamlakatiga keladi. Shoirning «Quyosh ichganlar qo’shig’i» nomli dastlabki she’riy to’plami Bokuda chop etiladi (1928). Nozim Hikmat Rah budavrda V. V. Mayakovskiy estetikasi ta’sirida intim tuyg’ular tasviridan ongli ravishda qochib, minbar she’riyat namunalarini yaratadi. Shu yili Turkiyaga qaytib, gazeta tahririyatida ishlaydi, Nozim Hikmat Rah shu yillarda «835 satr» (1929), «Varan-3» (1930), «sasini yo’qotgan shahar» (1931) she’riy to’plamlari, «Jiokonda va Si- Ya-u» (1929) romani, «Benerji o’zini nega o’ldirdi?»(1932) she’riy romani, «Bosh chanog’i» (1932), «unutilgan odam» (1935) pyesalarini yozib, nafaqat Turkiya, balki yer yuzida ro’y berayotgan muhim voqealarga munosabat bildirishga urinadi. Nozim Hikmat Rah umrining aksar qismini quvg’inda o’tkazgan va jami 17 yil qamoqda yashagan. Shu davrda u 20-asrning o’ziga xos poetik tarixi — «inson manzaralari» (1941) EPO-peyasi, «turmadan xatlar» she’riy turkumi, «bir sevgi afsonasi» (1965) hamda «Yusuf va Zulayho» pyesalarini yaratgan. 1950 yil jahon jamoatchiligi Nozim Hikmat Rahning ozod etilishiga erishdi. U yana sho’rolar mamlakatiga ko’chib kelib (1951), adabiy va ijtimoiy faoliyat bilan shug’ullanadi. «Turkiyada» (1952), «Anoyi» (1955), «Bekat» (1958), «Tartyuf-59» (1959), «Damokl qilichi» (xotini S. Tulyakova bilan hamkorlikda, 1960) singari pyesalar, she’r va dostonlar yozadi. O’zbekistonda Nozim Hikmat Rah ijodiga qiziqish 1928 yildayoq boshlangan. G’afur G’ulom, Shayxzoda, Mirtemir va boshqalar. Nozim Hikmat Rahning ko’plab asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan. «Turkiya haqida hikoya» pesasi hoz. O’zbek milliy akademik drama teatrida, «bir sevgi afsonasi» pesasi asosidagi balet esa Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatrida sahnalashtirilgan. Nozim Hikmat Rah Osiyo va Afrika mamlakatlari yozuvchilari harakatining qatnashchisi, Jahon tinchlik Kengashi byurosi (1951) va hay’ati (1959) a’zosi, xalqaro tinchlik mukofoti sovrindori (1950). As: She’rlar, Poema, Pesa, T., 1953; Bir sevgi afsonasi, T., 1955; 65 she’r, T., 1962; surur [roman], T., 1966; inson manzaralari, T., 1982; qon gapirmas [roman], Oshiq bulut [ertaklar], T., 1987. Ad.: Babaev A., Nazim Xikmet, M., 1957; Fish R., Nazim Xikmet, M» 1968. Naim Karimov.