Nekroz

Nekroz (Yunoncha nekrosis — o’lish) — 1) tirik organizmdagi hujayra, to’qima, butun a’zo yoki uning bir qismi nobud bo’lishi. Kimyoviy yoki fizik ta’sirlar (harorat, elektr toki, kuchli kislota yoki ishqorlar, nur energiyasi va boshqalar), shikastlanish, toksinlar (bakterial infektsiyalarda) sabab bo’ladi. Ko’pchilik hollarda mahalliy qon aylanishining (tromb, emboliya, infarqt, gangrena), shuningdek, to’qimalar innervasiyasining buzilishi Nekroz uchun qulay sharoit tug’diradi. Nekrozda o’ziga xos o’zgarishlar hujayralar (yadro va tsitoplazma burishib qoladi) va hujayralararo moddada kuzatiladi. Nekroz atrofi ajralib tushadi (hujayra yadrosi va tsitoplazmasi bujmayadi) yoki yiringlab iriydi; hujayra kemtigi o’rnida chandiq paydo bo’ladi. Nekrozning quruq yoki koagulyatsion (o’lgan hujayra quriydi), ho’l yoki kollikvasion (nobud bo’lgan hujayra iriydi) xili ajratiladi. Organizmning biror yerida Nekroz vujudga kelishi uning umumiy holatiga noxush ta’sir ko’rsatadi. Tana yuzasidagi to’qimalar Nekrozga uchrab iriganda, aksari ularda patogen mikroblar ko’payadi. Shuning uchun irigan to’qimalar jarrohlik yo’li bilan olib tashlanadi; 2)o’simliklarda — to’qima yoki organlar ayrim qismlarining nobud bo’lishi. Nekroz paydo bo’lishiga noqulay fizik, mexanik (muzlash, kuyish, shikastlanish va boshqalar) va kimyoviy ta’sirotlar (o’simliklarni purkalgan yoki changitilgan preparatlardan kuyishi) yoki mikroorganizmlar bilan kasallanish (barglardagi bakterial va zamburug’li dog’lar va boshqalar) sabab bo’ladi. Nekroz mahalliy, shuningdek, o’simlikning umumiy kasallanishidan paydo bo’lishi mumkin. Masalan, g’o’za barglaridagi Nekrozni patogen zamburug’ (makrosporioz va vilt) yoki bakteriyalar (gommoz) vujudga keltiradi.