Nisbatdor masjidi
Nisbatdor masjidi — Samarqanddagi me’moriy yodgorlik (1901). Abduqodir Boqiyev boshchiligida qurilgan. Aka-uka Zayniddin va Shamsiddin G’afurovlar (g’isht teruvchi), usta Sa’dulla (ganchkor), usta Mahmud (naqqosh)lar qatnashgan. Eski masjid o’rnida pishiq g’ishtdan qurilgan xonaqoh va unga Janubiy tomondan tutashgan keng ayvondan iborat. Ayvon qarshisida uncha baland bo’lmagan qirrali minora joylashgan. Nisbatdor masjidi baland supa ustiga qurilgan. Xonaqoqning Sharqiy tarzi 3 ravoqli, o’rta qismidagisining 2 yoni Guldastali. Ravoqlarning har birida eshik, tepasida tobadoni bor. Tobadoni ganchkori panjarali, girih naqshlar qirma uslubida ishlangan. Ayvoni o’ziga xos, 2 eshikli, shipi nozik ganchkori bezakda qizil va ko’k bo’yoqlar bilan pardozlangan. G’arbiy ayvon devoridagi mehrob va uning yon tomonlaridagi namoyonlar hashamdor ko’rinishda, mehrob tokchasida muqarnasning iroqi uslubi qo’llanilgan. Ayvon o’rtasidagi ustun boshasi madohil naqshli, tanasiga egri-bugri yo’lli naqshlar ishlangan. Xonakoh bezagi sodda, mehrob bezagida o’yma naqshlar saqlangan. Ayvondagi o’ymakori eshikka ishlangan nakshlar orasida bino qurilgan sana yozilgan. Nisbatdor masjidi xalq ustalari tomonidan ijodiy hamkorlikda yaratilgan noyob me’moriy yodgorlik hisoblanadi. Ad.: Zohidov P., Samarqandskaya shkola zodchix XIX — nachalo XX veka, T., 1965.