Nivelir
Nivelir (Fransuzcha niveler — to’g’rilamoq, baravarlamoq) — geodezik asbob. Yerdagi ikki nuqta balandliklari farqi (nisbiy balandligi) ni gorizontal vizir nuri bilan, shu nuqtalarga tik o’rnatiladigan Nivelir reykalar yordamida aniklaydi. Tuzilishi bo’yicha ular ikki tur — vizir nuri tsilindrik adilak (suv tarozi) yordamida gorizontal holatga keltiriladigan Nivelirga va vizir nuri o’z-o’zidan gorizontal holatga keladigan (kompensatorli) Nivelirga bo’linadi. Birinchi turdagi Nivelirning asosiy qismlari — qarash trubasi va uning yon qismiga o’rnatilgan tsilindrik adilak; ikkinchi turdagi Nivelirda — qarash trubasi va uning ichki qismida joylashgan optik prizmali kompensator hisoblanadi. Kompensator mexanik mayatnik bo’lib, uning optik prizmasi metall yoki sintetik ikki tolali ingichka ipda osib qo’yilgan bo’ladi. U 15′ (minut) gacha qiya bo’lgan vizir nurni avtomatik ravishda gorizontal holatga keltirib beradi. Aniqligi bo’yicha Nivelir aniqligi yuqori (1 kilometr masofaga nivelirlash aniqligi 0,5—1,0 millimetr), aniq (2-3 millimetr) va texnik (10 millimetr) Nivelirga bo’linadi. Nivelirlar asosiy geodezik va topografik ishlarda, barcha turdagi qurilish ishlarida, noyob binolar va murakkab inshootlarning cho’kishi hodisalarini kuzatishda, yer qobig’i vertikal harakatini o’rganishda va boshqa maqsadlarda keng qo’llanadi.