Niger-kordofan tillari
Niger-kordofan tillari (kongokordofan tillari) — Afrika tillari makrooilasi. Amerika tilshunosi J. Grinberg tasnifiga ko’ra, 2 oilaga bo’linadi: Niger-Kongo tillari va Kordofan tillari. Niger-Kongo tillari G’arbiy va Janubiy Afrikaning katta qismida, Kordofan tillari esa Sudanning sharqidagi va Kordofan tog’li o’lkasidagi kichkina hududda tarqalgan. Ushbu til oilalarining genetik birligi bir qancha lug’aviy o’xshashlik va morfologik mosliklar asosidagina isbotlangan bo’lsada, aslida ular lug’aviy, morfologik, sintaktik jihatlardan farqlanib turadi. Niger-Kongo tillari o’z navbatida 6 ta kichik oilaga bo’linsa, Kordofan tillari 5 guruhga bo’linadi va 30 dan ortiq tilni o’z ichiga oladi (Kordofan tillari juda kam o’rganilgan). Niger-kordofan tillarida so’zlashuvchilar taxminan 350 million kishidan ortiqroqdir. Bu tillarning ko’pchiligi yozuvga ega emas. Bir kanchasi Yevropa mustamlakasigacha moslashtirilgan Arab yozuvlaridan foydalanib kelgan. Ba’zilari esa (akan, volof va boshqalar) lotin alifbosiga qo’shimcha harf va belgilar qo’shgan holda o’z yozuvlariga ega bo’lganlar.