Nijniy Novgorod viloyati
Nijniy Novgorod viloyati -Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi viloyat. 1929 yil 14 yanvarda tashkil etilgan (1932 yilgacha Nijniy Novgorod o’lkasi, 1936 yilgacha Gorkiy o’lkasi, 1990 yilgacha Gorkiy viloyati). Rossiya Yevropa qismining markazida, Volganing har ikkala sohilida joylashgan. Volga-Vyatka iqtisodiy rayoniga kiradi. Maydoni 76,9 ming km2. Aholisi 3657,0 ming kishi (2000). Shahar aholisi 78,2%. 1 km2 ga 48,1 kishi to’g’ri keladi. Viloyat aholisining aksari qismi ruslar (94,7%), shuningdek, tatar (1,6%) mordva (1,0%), ukrain (0,9%), chuvash (0,3%) va boshqalar yashaydi. 48 ma’muriy tuman, 26 shahar, 71 shaharcha bor. Markazi — Nijniy Novgorod. Nijniy Novgorod viloyati Sharqiy Yevropa tekisligining Markaziy qismida joylashgan. Asosan, o’rmonli o’rqir dashtdan iborat. Volga daryosi viloyat hududini o’rmonli Chap sohil (Zavolje) pasttekisligi va o’ng sohil balandligiga bo’ladi. Relefning karst shakllari rivojlangan. Qurilish materiallari, torf, fosforitlar, temir rudalari konlari bor. Iqlimi mo’tadil kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -12°, iyulniki 19°. Yillik yog’in miqsori 500 mm. Vegetatsiya davri 165-175 kun. Asosiy daryolari: Volga va uning irmoqlari. Gorkiy suv havzasi, ko’llar (asosan, Zavoljeda) bor. Nijniy Novgorod viloyati Janubiy tayga, aralash va keng bargli o’rmonlar mintaqasida joylashgan. Tuproqlari asosan, chimli podzol va podzollashgan tuproqlar. Viloyat hududining 40% ga yaqin maydoni o’rmon. Yassi suvayirg’ich va pastqamliklarda botqoqlik ko’p. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, tulki, qo’ng’ir ayiq, silovsin, bo’rsiq, chipor yumron-qoziq, olaxurjun va boshqalar bor. Los qo’riqlanadi. Viloyat hududida Kerjen qo’riqxonasi mavjud. Sanoatning asosiy tarmoqlari: mashinasozlik va metallsozlik (avtomobillar, daryo va dengiz kemalari, samolyotlar, avtomobil va kema dvigatellari, stanoklar, pribor va asboblar, kimyo, yengil, oziq-ovqat sanoati uchun jihozlar, televizorlar ishlab chiqariladi), kimyo va neft kimyosi (organik sintez mahsulotlari, plastmassa va sintetik smolalar, organik shisha, bo’yoq, lok, zaharli kimyoviy preparat va boshqalar), o’rmon va tsellyuloza qog’oz, neftni qayta ishlash sanoati korxonalari ishlab turibdi. Badiiy hunarmandchilik buyumlari ham ishlab chiqariladi. Qishloq xo’jaligiing yetakchi tarmog’i — chorvachilik. Koramol (sut-go’shtli zotlari), bug’u, parranda, cho’chqa boqiladi. Bug’doy, qand lavlagi, sabzavot (shu jumladan, piyoz), javdar, arpa, suli, grechixa, kartoshka, yem-xashak ekinlari ekiladi. Temir yo’l bor. Volga, oka, Vetluga va Sura daryolarida kema qatnaydi. Asosiy daryo porti — Nijniy Novgorod. 10 oliy o’quv yurti, 5 teatr, 9 muzey mavjud.