Neyrosekretsiya

Neyrosekretsiya (neyro… va lotincha secretio — ajratma) — ayrim nerv hujayralari (neyrosekretorlar)ning fiziologik faol moddalar — neyrogormonlar ishlab chiqarishi va uni qon yoki to’qima suyuqligiga ajratishi; odam va umurtqali hayvonlarda Neyrosekretsiya funktsiyasini, asosan, gipotalamus bajaradi. Nerv impulslarining kimyoviy o’tkazuvchi omillar (mediatorlar)ni ishlab chiqaruvchi oddiy nerv hujayralaridan farqli o’laroq, neyrosekretor hujayralar tsitoplazmasida neyrogormonlar sintez qilinadi. Bu gormon nerv xujayralarining aksonlaridan gemolimfa, qon, to’qima va orqa miya suyuqligiga ajralib, Markaziy nerv sistemasi, vistseral a’zolar (jumladan, endokrin bezlar) faoliyatiga ta’sir ko’rsatadi. Tuban umurtqasiz hayvonlarda neyrosekretor hujayralar nerv sistemasida tarqoq joylashgan. Filogenezda neyrosekretor hujayralar neyrosekretor markazlarga to’plana boshlaydi. Umurtqalilarda bu hujayralar oraliq miyaning gipotalamik zonasida joylashgan. Neyrosekretor hujayralarni klassik neyronlar nazorat qiladi. O’z navbatida neyrosekretor hujayralar, oddiy neyronlar kabi ta’sir potentsialini generasiya qiladi, impuls aksonlardan ularning uchlarigacha boradi va uning ta’sirida neyrogormon atrof muhitga ajraladi.