Neytron fizikasi
Neytron fizikasi — fizikaning neytronlar xossalari (massasi, radioaktiv emirilishi, magnit xossalari va hokazolar) va ular bilan bog’liq bo’lgan turli jarayonlarni o’rganadigan bo’limi. Neytron fizikasi neytron kashf qilingandan so’ng (1932) uning xossalarini o’rganish asosida vujudga keldi va rivojlandi. Sovuq va issiq neytronlar bilan o’tkazilgan tajribalarda ularning to’lqin xususiyatlari namoyon bo’lib, ko’pgina optik hodisalar kashf qilindi. Bunday neytronlar xossalari optika usullari va asboblari yordamida o’rganiladi. Issiq neytronning moddada yutilishi katta bo’lganidan ularning har xil moddalar bilan o’zaro ta’siri natijasida elastik sochilish hodisasi va radiatsion tutuv (p, u) kabi ekzotermik reaktsiyalar ketishi mumkin. Neytronlar ta’sirida yadrolarning, ayniqsa, og’ir yadrolarning bo’linishi va bo’linishning zanjirli reaktsiyasi kabi muhim yadro reaktsiyalari vujudga keladi. Bunday reaktsiyalarning ketishi ham neytronlar energiyasiga bog’liq. Ana shunday bog’lanishlar xarakterini va ulardan foydalanish yo’llarini (masalan, yadro texnikasida) Neytron fizikasi o’rganadi va aniqlaydi. Yuqori energiyali neytronlarning modda atomlari bilan o’zaro ta’siri yadro reaktsiyalariga olib keladi. Bu jarayonlar murakkab bo’lib, ularni o’rganishda maxsus asbob va usullar zarur. O’ta yuqori energiyali (relyativistik) neytronlar kosmik nurlar tarkibiga kiradigan zarralardan hisoblanadi. Bunday Neytronlarni (ularning oqimini) aniqlash, o’rganish va katta energiyali boshqa zarralarga taqqoslashga, neytronlarning yangidan-yangi xarakteristikalari (kvant sonlari, o’lchash usullari, tuzilishi va boshqalar)ni bilishga imkon beradi. Bu ishlar ham Neytron fizikasida qaraladigan muhim masalalardan biridir. Tadqiqot ishlarini bajarishda neytron manbalari bilan bir qatorda o’lchash usullari, qurilma va asboblari (spektrometrlar, indikatorlar, filtrlar, monoxromatorlar va boshqalar)ni ishlab chiqish bilan bog’liq bo’lgan turli masalalarni hal etish ham Neytron fizikasidagi asosiy masalalar hisoblanadi.