Iqlimshunoslik
Iqlimshunoslik – iqlim haqidagi fan. Iqlimshunoslik 2 tarmoqqa bo’linadi: turli xil iqlimlarning tarkib topish sabablarini o’rganadigan genetik Iqlimshunoslik (bu, odatda, umumiy Iqlimshunoslik deb ataladi) va iqlimning inson faoliyati ob’yektlariga va insonning o’ziga, shuningdek, turli tabiiy hodisalarga ta’sirini o’rganadigan amaliy Iqlimshunoslik. Iqlimshunoslik tabiiy geografik fanlar turkumiga kirishi bilan birga, meteorologiyannng bir bo’limi bo’lganligi uchun geofizikata ham yaqin. Genetik Iqlimshunoslikning asosiy vazifasi iqlim paydo bo’lishida, shuningdek, turli joylardagi iqlim tafovutlari va iqlimning asriy hamda davriy o’zgarib, takrorlanib turishida iqlim hosil qiluvchi omillarning rolini aniqlashdan iborat. O’rganish ob’yektlari va tadqiqot usullariga ko’ra, genetik Iqlimshunoslikni 5 bo’limga ajratish mumkin: 1) issiqlik balansini o’rganuvchi Iqlimshunoslik iqlim hosil qiluvchi jarayonlarning negizi hisoblangan Quyosh radiasiyasining yer yuzasiga va atmosferaga tushishi va u joylarda sarf bo’lishini o’rganadi; 2) sinoptik (yoki dinamik) Iqlimshunoslik iqlimning tarkib topishida atmosfera dirkulyatsiyasining rolini o’rganadi; 3) nazariy Iqlimshunoslik matematikusullardan foydalanib, iqlim hosil qiluvchi omillarning ko’rsatkichlari (yer yuziga issiqlik tushishi va sarflanishi, faol qatlamning fizik xususiyatlari va boshqalar) va atmosferaning umumiy xususiyatlariga asoslanib, iqlim xarakteristikasini aniqlaydi; 4) mikroiqlimshunoslik mikroiqlim va mahalliy iqlimning shakllanishiga yer usti xususiyatlarining (relef, o’simliklar va boshqalar) roli va ta’sirini o’rganadi; 5) paleoiqlimshunoslik astronomiya, geologiya, arxeologiya axborotlaridan, yilnomalar va boshqalardan foydalanib, iqlimning uzoq o’tmishdagi o’zgarishlarini va ularning sabablarini o’rganadi. Amaliy Iqlimshunoslik inson faoliyatining turli sohalarini rejalashtirish — qishloq xo’jaligi, transport, qurilish, davolash, dam olish, turizm va shu kabilarni tashkil qilishni ilmiy jihatdan asoslash uchun iqlimning turli ob’yektlarga ta’sirini o’rganadi. Iqlimiy rayonlashtirish — joylarni (viloyat, o’lka, materik, okean va hokazolar) iqlim sharoiti deyarli bir xil bo’lgan zona va o’lkalarga bo’lish, iqlimning tabiiy o’zgarib turish ko’rsatkichlari va uning sabablarini aniqlash, shuningdek, kuzatishlarni tahlil qilishning rasional usullarini yaratish Iqlimshunoslikning muhim bo’limlaridan biri. Bu bo’lim xalq xo’jaligining turli tarmoqlariga xizmat ko’rsatishda, ayniqsa, qishloq xo’jalik ekinlarini joylashtirish, yangi yerlarni o’zlashtirish, ekinlar hosildorligini oshirish tadbirlarini ishlab chiqish va boshqalarda juda katta ahamiyatga ega. Konkret hududlarning iqlimini ta’riflash klimatografiya deb ataladi. O’rtaosiyolik buyuk olimlar Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqalarning asarlarida meteorologiya va Iqlimshunoslik nazariyasiga doir juda ko’p noyob fikrlar mavjud. Masalan, Beruniy fikriga ko’ra, havoning holati «..mazkur joyning tabiatiga bog’liq, uning tog’larda yoki dengiz bo’yida turganligiga (bog’liq), shuningdek, joyning baland-pastligi va qaysi kenglikda — shimolroqdami yoki janubroqdami, o’rnashganligiga bog’liq». Iqlimshunoslik fanining rivojlanishida G’arbiy Yevropada 19-asr—20-asr boshlarida A. Gumboldt, V. Yu. Vize, V. Keppen, Yu. Xain kabi olimlarning ilmiy izlanishlari, 20-asrda rus olimlaridan A. I. Voeykov, E. S. Rubinshteyn, O. A. Drozdovning Iqlimshunoslik materiallarini ishlab chiqish usullari, L. S. Berg, B. P. Alisov va boshqalarning yer shari iqlimlarini tasnif qilishi, E. N. Blinovaning iqlim gidrodinamikasi nazariyasi, V. V. Illyleykinning mussonlar, M. I. Budikoning radiasiya va issiqlik balansi haqidagi ta’limotlari muhim o’rinda turadi. O’zbekistonda Iqlimshunoslik rivojlanishiga 1921 yilda tashkil etilgan Turkiston meteorologiya ilmiy tadqiqot instituti katta ta’sir ko’rsatadi. Iqlimshunoslikning ikkala tarmog’i ham juda keng rivojlandi. V. A. Bugaev, L. N. Babushkin, V. A. Jorjio, L. A. Molchanov, A. A. Skvorsov, F. A. Mo’minov, M. Orifxonova va boshqalar genetik va amaliy Iqlimshunoslik nazariyasiga katta hissa qo’shdilar. O’rta Osiyo iqlimida dirkulyatsion omillarning roli, troposfera va stratosferada sodir bo’luvchi juda kuchli shamollar, ularning samolyotlar uchishiga ta’siri, sug’oriladigan erlarning mikroiqlimi va qishloq xo’jalik o’simliklari o’sishi, rivojlanishi va hosiliga mikroiqlimning ta’siri haqida va boshqa ilmiy xulosalari katta amaliy ahamiyatga egadir. O’rta Osiyoda meteorologiya va Iqlimshunoslikga oid ilmiy va uslubiy ishlarga V. A. Bugaev nomidagi O’rta Osiyo Gidrometeorologiya ilmiy tadqiqot instituti rahbarlik qiladi. Ilmiy tadqiqotlar natijalari shu institutning to’plamlarida, monografiya va davriy nashrlarda bosiladi. Iqlimshunoslik sohasidagi xalqaro ilmiy aloqalarda Jahon meteorologiya tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar faol qatnashadi. Ad.: Alisov B. P., P oltaraus B. V., Klimatologiya, M., 1962; Balashova E. N., Jitomirskaya O. M., Semenova O. A., Klimaticheskoe opisanie Respublik Sredney Azii, L., 1960; Babushkin L. N., Agroklimaticheskoe rayonirovanie xlopkovoy zoni Respublik Sredney Azii, L., 1960; Voprosi regionalnoy sinoptiki i klimatologii Sredney Azii, M., 1968; Maksudov X. S, iqlimshunoslik asoslari. T., 1978; Babushkin L. N., Klimatografiya Sredney Azii, 1981; Muminov F. A., Pogoda, klimat i xlopchatnik, L., 1991. Tohir Muxtorov.