Iskandar Lo’diy

Iskandar Lo’diy, Iskandarshoh (? — 1517) — Dehli sultonligi hukmdori (1489-1517). Bahlul Lo’diyning o’g’li. Iskandar Lo’diy xudojo’y, adolatli, rahmdil, muruvvatli hukmdor bo’lgan. Uning buyrug’iga binoan, qishda kambag’allarga kiyim-kechak, pul, issiq ovqat ulashilardi. Din peshvolariga soliqto’lamaslik imtiyozi bilan qishloqlar hadya qilinardi. Amalda u yaxshi yo’lga qo’yilgan ayg’oqchilik xizmatiga ega bo’lgan qattiqqo’l hukmdor edi. Iskandar Lo’diy ulamolar va san’at ahllariga homiylik qilgan. Ammo mamlakatning tub mahalliy xalqiga nisbatan nojo’ya siyosat olib borgan. U o’z davlatida qator hind ehromlarini vayron qilgan va ular o’rnida karvonsaroylar va madrasalar qurdirgan. Rajputan davlati bilan uzoq kurash olib borgan. Bihar shahri Dehli sultonligiga qo’shib olingan. Poytaxt Iskandar Lo’diy asos solgan Agra shahriga ko’chirilgan (1504).