Iskandar Munshiy

Iskandar Munshiy, Iskandarbek Turkman (1561/62 — 1634) — tarixchi, Eron shohi Abbos I ning munshiysi. Oliy devonda xizmat qilguniga qadar moliyaviy ishlar bo’yicha kichik amaldor, so’ngra devoni inshoda xizmat qilgan; 1587 yil boshida harbiy xizmatga lashkarnavis sifatida qabul qilingan va Abbos I ning harbiy yurishlarida qatnashgan. 1592/93 yildan vafot etguniga qadar shohning shaxsiy kotibi bo’lib xizmat qilgan. Iskandar Munshiyning «tarixi olam oroyi Abbosiy» («abbosiyning jahon ziynati tarixi», 1616—taxminan 1630) asari safaviylarning Abbos I davridagi tarixining asosiy manbasi hisoblanadi. Unda Ozarbayjon tarixi, Abbos I ning harbiy islohotlari, Safaviylar qo’l ostidagi mamlakatlar (Gruziya, Kurdiston, Shirvon)dagi xalq harakatlari, shuningdek, Movarounnahrning 16-asr oxiridagi siyosiy ahvoli, Xorazm bilan Eron o’rtasidagi siyosiy aloqalar va boshqalar haqida muhim ma’lumotlar bor.