Ixtiologiya

Ixtiologiya (Yunoncha ichthys — baliq va … logiya) — baliklarning tuzilishi, hayot kechirishi, rivojlanishi, tarqalishi, sistematikasi va kelib chiqishini o’rganadigan fan; Zoologiyaning bir bo’limi. Ixtiologiya baliqchilik va baliq ovlashnnnt biologik asoslarini ishlab chiqish bilan ham shug’ullanadi. Ixtiologiya ko’pchilik tabiiyot fanlari, ayniqsa gidrobiologiya va gidrologiya bilan bevosita bog’liq. Ixtiologik tadqiqotlar ekologik va umumbiologik nazariy muammolarni hal etishga imkon berdi. Bionika, ayniqsa biogidroakuspgikaning rivojlanishida ixtiologiya sohasidagi ishlar asosiy ahamiyatga ega. Ixtiologiya sohasidagi eng qadimgi ma’lumotlar miloddan avvalgi 6-asrda Hind olimlari (Susruta) ishlarida uchraydi. Baliqlar to’g’risidagi ilk asar miloddan avvalgi ming yillik o’rtalarida Xitoyda bosilib chiqqan. Ixtiologiyaga oid ilk ilmiy ma’lumotlar Aristotel asarlarida uchraydi. Aristotel «hayvonlar tarixi» asarida baliqlarni alohida sistematik guruhga ajratadi; ularning tuzilishi, rivojlanishi va hayot kechirishi xususiyatlarini ko’rsatib beradi. Aristoteldan keyin bu sohadagi ilmiy ma’lumotlar faqat 15-asrning 2-yarmidan boshlab paydo bo’la boshlaydi. 4-5 asr davomida dengiz va chuchuk suv baliqlari faunasi to’g’risida juda ko’p material to’plandi (frantsuz — P. Belon va g. Rondele; italyan I. Salviani; shved P. Arteli, K. Linney; nemis — M. Blox, I. Myuller; amerikalik — D. Jarden, K. Xebs; ingliz A. Gyunter, G. Bulanje, Ch. Richen, J. Normen; rus — S. P. Krashenninnikov, P. S. Pallas, Gyuldenshtedt va boshqalar). 19-asrda Ixtiologiya mustaqil fan sifatida zoologiyadan ajralib chiqadi. Bu davrda Ixtiologiya sohasidagi tadqiqotlar, asosan, baliq ovlashning jadallashishi talablari bilan bog’liq bo’lib, ovlanadigan baliqlar miqdorining dinamikasi, ovlashning baliklar zaxirasiga ta’siri, baliq zaxiralarini qayta tiklashga qaratiladi. 19-asr rus olimlari K. M. Ber va N. Ya. Danilevskiy Kaspiy, Azov, kora dengiz va Shimoliy dengizlarda baliqchilikni tadqiq qilishdi. 19-asr oxiri va 20-asr boshida nemis F. Xeynke seldni, daniyalik K. Peterson treska va kambalani, Norvegiyalik Yu. Yort seld va treskaning ovlanishi masalalarini ilmiy jihatdan asoslab berishdi. Rossiyada bu davrdagi ilmiy tadqiqotlar baliq zaxiralarini o’rganish, baliq ovlash uchun yangi ovchilik hududlarini tashkil etish bilan bog’liq. Bu borada, ayniqsa, N. M. Knipovichning Murmansk, Kaspiy, qora dengiz ekspeditsiyalarining ahamiyati katta bo’ldi. Ixtiologiyaning rivojlanishiga L. S. Berg (baliqlar sistematikasi, tarqalishi, Paleontologiyasi), A. N. Seversov (baliklar anatomiyasi), E. K. Suvorov (ovlanadigan baliklar) va boshqalar katta hissa qo’shishdi. 20-asr o’rtalaridan boshlab fizika, kimyo va boshqa fanlar yutuqlariga asoslangan mukammal metodlarning ishlab chiqilishi Ixtiologiya tadqiqotlarini yanada kengaytirib yubordi. Bu davrda baliqlarni qidirib topish va ovlashda gidrolokatorlar va elektr yorug’ligidan; ularning oziqlanishini o’rganishda esa radioizotoplardan foydalanila boshlandi. Har xil chuqurlikda baliqlarni o’rganish maqsadida suv osti uskunalari (batiskaf, batiplan) va suv osti televideniesi qo’llanila boshlandi. Bu tadqiqotlar baliqlarning har xil tovush to’lqinlariga, yorug’lik, elektr va magnit maidonlari ta’siriga reaktsiyasini batafsil o’rganishga imkon berdi. Hozir Ixtiologiya sohasida keng miqyosdagi ilmiy tadqiqotlar dunyoning ko’pchilik mamlakatlarida, jumladan, Yaponiya, AQSh, Kanada, Angliya, Frantsiya, Rossiya, GFR, Norvegiya, Shvesiya, Daniya, Hindiston, Avstriya, JAR va Islandiyada olib borilmoqda. Ixtiologik tadqiqotlar bo’yicha bir qancha xalqaro tashkilotlar, jumladan, dengizlarni o’rganish xalqaro kengashi mavjud. BMT qoshidagi FAO tashkiloining baliqchilik bo’limi, uning bir qancha regional kengashlari va komissiyalari baliqchilik xo’jaligi bo’yicha xalqaro masalalarni hal etadi. Ixtiologiyaning asosiy zamonaviy muammolari baliqlarning individual va tarixiy taraqqiyoti, xatti-harakati, migratsiyasi asosida dengizlarda baliqchilikni rivojlantirish, yo’li to’silib, suv oqimi o’zgartirilayotgan sharoitda ovlanadigan baliqlar zaxirasini tiklash, hovuzlarda baliq boqishning samaradorligini oshirish bilan bog’liq. Ovlanadigan baliqlar zaxiralarini qayta tiklash, baliq resurslaridan oqilona foydalanish, suv havzalari ixtiofaunasini qayta qurish va kompleks meliorativ tadbirlarni amalga oshirishning intensiv texnologiyasini ishlab chiqish orqali suv havzalari ekosistemasi mahsuldorligini oshirish Ixtiologiyaning eng muhim masalalaridan hisoblanadi. Turkiston, jumladan, O’zbekistonda Ixtiologiya sohasida ishlarni K. F. Kessler boshlab bergan. 1872 yilda uning «Turkiston ixtiofaunasi» asari chop etilgan. Turkiston baliqlari to’g’risidagi materiallar S. M. Gersenshteyn asarlarida ham uchraydi. 1899-1903 yilda S. M. Berg Orol dengizi, Sirdaryo. Balxash va Issiqko’l baliqlarini tekshirib «Turkiston baliqlari» monografiyasini, 1928 va 1945 yilda G. V. Nikolskiy Chu, Orol, Amudaryo suv havzalari baliklari to’g’risida ma’lumot beradi. O’zbekistonning suv havzalari: daryo, ko’llari, suv omborlari va kanallari baliklarini o’rganish, bu havzalarda yangi baliq turlarini iqlimlashtirishni amalga oshirish vositalarini ishlab chiqish F. K. Komilov, M. A. Abdullaev, A. O. Omonov, B. H. Haqberdiev va boshqalarning nomi bilan bog’liq. Baliklar uchun oziq bo’ladigan o’simlik va hayvonlarni ko’paytirishning ratsional metodlarini ishlab chiqish, yangi turlarni introduktsiya qilish, meliorativ tadbirlarni amalga oshirish orqali suv havzalari mahsuldorligini oshirish O’zbekistonda olib borilayotgan ixtiologik tadqiqotlarning eng muhim masalalaridan hisoblanadi. O’zbekistonda Ixtiologiya sohasidagi tadqiqotlar O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Zoologiya intitutida, «O’zbaliq» davlat kontserni huzuridagi Ixtiopatologiya markazipa, O’zMU, Buxoro va Nukus davlat universitetlari va boshqa oliy o’quv yurtlarining kafedralarida olib boriladi. Mag’di Abdullayev, Ochil Mavlonov.