Amir Temur davlati Samarqandda yuzaga kelib va rivojlanib saltanat darajasiga ko’tarilgan edi. Bu shahar uning bevosita ishtirokida jahondagi eng yirik siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazga aylandi. Hashamatli binolar, ajoyib bog’, ko’cha va bozorlar qurilib, obodonchilik eng yuqori cho’qqiga ko’tarildi.
Biroq Samarqand xonliklar, chor hukumati va sovet davrida o’zining shon-shuhratini yo’qotib, obodonchilik va tarixiy yodgorliklar achinarli holatga tushib qoldi.
Yurtboshimizning harakati tufayli tarixiy yodgorliklar ta’mirlandi. Hashamatli binolar qurildi, shahar va atrof hududlarida katta obodonchilik ishlari amalga oshirildi. O’zbekiston Fanlar akademiyasining filiali ochilib va oliy o’quv yurtlarining salmog’i oshib, shahar yirik ilmiy markazga aylandi. Amir Temur maqbarasining, Bibixonim masjidi va boshqa ko’pgina yodgorliklarning ta’mirlanishi va Sohibqiron haykali o’rnatilishi nur ustiga nur yog’ilganidek bo’ldi.
1996 yil 18 oktabrda Yurtboshimiz Islom Karimov haykalning ochilishida so’zga chiqib, Sohibqironning Samarqandni yer yuzining sayqaliga aylantirishda katta xizmatlarni taqdirlab, shunday dedi:
Aziz vatandoshlar!
Muhtaram mehmonlar!
Qadrli samarqandlik birodarlar!
Avvalo, bugungi fayzli va tarixiy bir kunda azim Samarqandga, barcha viloyat ahliga beqiyos hurmatimizni, farzandlik mehrimizni izgor etishga ijozat bergaysiz.
Ajdodlarni xotirlash ularning ruhini shod etgan xalqimizning azaliy udumidir. Bu muqaddas an’ana avlodlarni ezgulikka, o’tganlar oldidagi vorislik burchini ado etishga chorlaydi.
Bugun siz bilan ana shunday qutlug’ daqiqalarda uchrashib turibmiz. Fursatdan foydalanib, imon-e’tiqodli faxriylamizga, Samarqand ahliga, ulug’ bobokalonimiz Amir Temur arvohini shod etish uchun yig’ilgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Aziz do’stlar!
Qachonki biz Amir Temur hazratlarini yod etar ekanmiz, Sohibqiron saltanatining poytaxtini ham ehtirom bilan tilga olamiz. Chunki Amir Temur va Samarqand tushunchalarini bir-biridan ayri holda tasavvur etib bo’lmaydi.
Samarqand-xalqimiz, millatimiz dovrug’ini butun dunyoga taratgan, ming-ming yillik tarixga ega ilohiy maskanimizdir.
Samarqand-o’tmishli sharaf, bugungi saodatli, kelajagi abadiy shahardir.
Samarqandning ana shu olamshumul shuhratiga, tengsiz salobatining yuksalishiga, shonli tarixiga beqiyos hissa qo’shgan zot bobomiz Amir Temurdir.
XIII asrning birinchi yarmida Samarqnad bosqinchilar zulmi tufayli xarobalikka yuz tutgan qal’alar, masjidlar, madrasalar qarovsiz qolgan edi. O’sha zamonda yurtimizga kelgan bir arab sayyohining shohidlik berishicha, Samarqand shunday huvillar yotardiki, avvalgi aholisining chorak qismi qolgan, me’moriy obidalar vayronaga aylangan, ariqlar ko’milib ketgan, shahar suvsiz, bog’lar qurib bitgan edi.
Sohibqiron bobomiz ana shunday murakkab bir davrda taxt tepasiga keldi.
U Samarqnadning gullab-yashnashi uchun butun umrini sarf etdi. Bobokalonimiz Samarqandni jahondagi eng katta va qudratli davlatning poytaxti sifatida buyuk nufuz kasb etishini, mislsiz go’zal va obod bo’lishini, har tomonlama taraqqiy topishini orzu qilgan edi. Bu ezgu niyat Samarqand qiyofasida o’z ifodasini topdi.
Hazrati Temur butun dunyodan va o’z yurtimizdan mohir me’morlarni, qo’li gul hunarmandlarni o’z poytaxtini barpo etishga jalb qildi, ularni ana shu olijanob maqsad yo’lida birlashtirdi. Ularning salohiyat va aql-zakovatini safarbar etib, ijodlariga ilhom bag’ishlab, olamda tengi va o’xshashi bo’lmagan me’moriy mo’jizalarni bunyod qildirdi.
Samarqandning moviy gumbazlari, osmono’par minoralari, ulardagi betakror ranglar, olam-olam mazmunga ega naqshu nigorlar bizni yerga qarab emas, boshimizni baland ko’tarib, qadr-qimmatimizni bilib yashashga undaydi.
Bugun biz Amir Temur bobomiz buyuk bunyodkorlik rejalarini noyob obidalarda bekamu ko’st mujassam etib, Samarqandni yer yuzining mo’jizasiga aylantirgan Badriddin ibn Shamsiddin, usta Ali Nasafiy, Olim Nasifiy, Mavlono Ubaydulloh, Pirmuhammad Bog’ishamoliy, Mavlono Junays singari yuzlab-minglab me’moru muhandis ajdodlarimizni, hunarmand ustalarimizni ham eslab, ularning san’atiga tasannolar aytamiz.
Sohibqiron bobomiz dahosining sharofati bilan shahri azim Samarqand yer yuzining sayqaliga aylandi.
Bu oliy unvon shunchaki chiroyli gap emas. Temuriylar saltanatining markazi, temuriylar qudratining timsoli bo’lmish bu tabarruk maskan olamning yetti iqlimida ma’lumu mashhur bo’ldi.
Dunyoning turli mamlakatlaridagi ne-ne odamlar Samarqandni bir bor ko’rishni, uning muqaddas tuprog’ini tavof etib, aziz-avliyolarning xoki poylarini ziyorat qilishni o’zlari uchun ulug’ sharaf deb bilganlar. Jahonning barcha hududlaridan ilmtalab, ma’rifattalab insonlar Samarqand sari intilganlar. Chunki dunyoning eng katta va boy kutubxonalari, o’sha zamonning eng ulug’ dorilfununlar — madrasalar, eng mashhur allomalar aynan shu yerda, mana shu zaminda faoliyat ko’rsatar edi.
Xalqimiz, shu jumladan, Samarqand ahlining bugungi hayotimiz va ertangi istiqbolimiz yo’lida qilayotgan mehnati, fan va madaniyat namoyondalarining izlanishlari Sohibqiron davridagi o’sha olamshumul ishlarning uzluksiz davomidir. Bularning barchasi Samarqnadning shuhratiga shuhrat qo’shyapti, desak, aslo mubolag’a bo’lmaydi.
Samarqand nafaqat muqaddas obidalari va betakror tarixiy mo’jizalari, balki zamonaviy ishlab chiqarish salohiyati bilan, eng qimmatli boyligi-bag’ri keng, qalbi go’zal mehnatkashlari bilan butun dunyoda mashhur.
Aziz birodarlar!
Bugun Amir Temur to’yini nihonlashimizning, unga haykallar tiklashimizning, temuriylar davri me’moriy yodgorliklarini ta’mirlab obod etishimizning, u zoti sharafga bo’lgan ehtirom va muhabbatimizning sababi bitta”
Amir Temur shaxsini idrok etish — tarixni idrok etish demakdir.
Amir Temurni anglash — o’zligimizni anglash demakdir.
Amir Temurni ulug’lash — tarix qa’riga chuqur ildiz otgan tomirlamizga, madaniyatimizga, qudratimizga asoslanib, buyuk kelajagimizga ishonchimizni mustahkamlash demakdir.
Muhtaram yurtdoshlar!
Samarqand-azaliy buyuk va daholik qudrati mujassam bo’lgan. Alloh nazari tushgan maskan. Uning jahon ilmu fani, madaniyati va san’ati rivojiga qo’shgan katta hissasi, siz — muhtaram shahar ahlining ko’p asrlik manaviy merosimizni asrab-avaylab kelayotganingiz va mustaqil O’zbekiston shon-shavkatini oshirishdagi g’oyat katta xizmatingiz uchun Samarqand ahli “Amir Temur” ordeni bilan taqdirlangan edi.
Bugun men uchun behad sharafli vazifani ado etish-qadrdon va aziz shahrimiz bayrog’iga ana shu ordenni qadab qo’yish nasib etdi.
Bu quvonchli voqea Amir Temur bobomizning muborak tavallud kunlarini nishonlash paytida, u zotning muhtasham haykali fayz bag’ishlab turgan shu go’zal maydonda sodir bo’lmoqda. Bu, albatta, teran ma’no va mazmunga ega.
Qadrli Samarqand ahli!
Ana shu oliy mukofot bilan barchangizni chin qalbimdan muborakbod etaman!
Sohibqiron bobomizning siymosi Samarqand osmonida yulduz kabi nur sochaversin!
Millatimizning faxru iftixori bo’lmish azim Samarqand ham, hazrati Amir Temurning tabarruk nomlari ham, ona O’zbekistonimiz ham dunyo turguncha tursin!
Buyuk Amir Temur va aziz ajdodlarimizning ruhi poklari bizni qo’llab-quvvatlasin, yurtimizga tinchlik va osoyishtalik, xalqimizga farovonlik va baxtu saodat ato etsin!