Shahrisabz azal-azaldan o’zining musaffo havosi, zilol suvlari, ajoyib bog’lari va tog’lari bilan nom chiqargan. Bu yerda tug’ilib voyaga yetgan Amir Temur kindik qoni to’kilgan yurgini hech qachon unutmay, shon-shuhratini oshirish uchun kuch-g’ayratini ayamadi. U hashamatli maqbara va binolar qurdirdi. Shaharda obodonchilik va farovon hayot hukm surdi. Ayniqsa, go’zallikda tengi yo’q Oqsaroyning bunyod qilinishi Shahrisabzning mavqei va salmog’ini oshirib, jahonga tanitdi. Bu yerda ham Amir Temur haykali o’rnatildi.
1996 yil 18 oktabrda Yurtboshimiz Islom Karimov Shahrisabzga tashrif buyurib, haykal ochilishida quyidagi so’zlarni izhor etdi:
Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!
Muhtaram do’stlar!
Bugun Temurbek bobomizning qadimiy yurtida, mard vat anti, halol va shijoatli, oriyati baland, iymoni butun insonlar yurtida turib, avvalambor go’zal Shahrisabz ahliga, butun qashqadaryoliklarga ezgu tilaklarimizni izhor etaman!
Qadimiy va tabarruk Shahrisabz zamini g’oyat qutlug’ maskandir. Jahon madaniyati betimsol namoyandalarning zuvalasi mana shu tuproqdan olingan. Xusrav Dehlaviy, Mirzo Bedil, Mirzo G’olib kabi allomalarning ota-bobolari xuddi shu joyda kamol topganlar. Lekin bu el-yurtni butun jahonga mashhur etgan, dong’ini taratgan zot, shubhasiz. Sohibqiron Amir Temur bobomizdir.
Hazrati Amir Temurning butun suronli umri, uning bunyodkorlik bilan yo’g’rilgan faoliyati salkam yetti asrkim, xalqimiz, millatimiz nomini olamga yoyib kelmoqda. Bu nomni mustabid tuzum qanchalik toptashga urinmasin, dunyoning pok niyatli kishilari ulug’ ajdodimizga yuksak hurmat-ehtirom ko’rsatishni o’zlariga sharaf deb bilganlar. Muborak istiqlol bobomizning nomini qaytib berdi, uning ruhini shod etdi.
Amir Temurday ulug’ zotni kamolga yetkazgan ota makon-tabarruk Kesh yurtining millatimiz tarixida, shu zaminda yashayotgan el-ulusning boshini qovushtirishda o’rni beqiyosdir. Bobokalonimizning Turkiston diyorini bosqinchilardan xalos qilish yo’lidagi jasur harakatlari aynan shu mo’tabar yurtdan boshlangan.
Sohibqiron o’z ota makonini behad qadrlagan. Bu makon Amir Temur hazratlarining nainki ota-bobolari, balki piru ustozlari va farzandlarining ham xoki poklari bilan mukarram bo’lgan. Buyuk bobomizning to’ng’ich o’g’li Jahon Mirzo xuddi shu yerda mangu uyquda yotibdi.
Hazrati Temur o’z oldiga ulug’vor maqsadlarni qo’yganida, avvalo o’z eliga, o’z ona yurti-Keshga ishongan va unga tayangan. U qaysi bir safaridan qaytmasin, dastavval Keshni ziyorat qilgan, aziz-avliyolarning qadamjolarini tavof etgan, hamyurtlarining duo va maslahatlarini olgan.
Hurmatli birodarlar!
Buyuk bobomiz haqida soatlab so’zlash mumkin. Ulug’ zotlarning tarix osmoniga yuksaladigan manzillari bo’ladi. Butun Sharq olamida “Ilmi adab qubbasi” e’tirof etilgan Shahrisabz hazrati Amir Temur uchun ana shunday parvoz nuqtasidir. Biz Sohibqiron bobomizning qutlug’ to’yini o’tkazayotgan shu kunlarda eng avval bu zoti sharifni dunyoga keltirgan va voyaga yetkazgan el dahosiga va tabarruk zaminga ta’zim qilamiz.
Katta ishonch bilan shuni ta’kidlashimiz kerakki, bu yurtning farzandlari, Temurbekning nabiralari o’z qalblarida ulug’ bobosiga xos go’zal fazilatlarni asrab-avaylab, bugungi hayotimizda ham namoyon qilmoqdalar.
Aziz do’stlar!
Ming afsuskim, ko’p yillar davomida mustabid bosqinchi mafkura davrida bizni Amir Temurdek buyuk bobomizdan, boy o’tmishimizdan ayirib, xalqimizning manaviyatini, g’ururini, iftixorini yerga urmoqchi bo’ldilar. Yurtimizda, jumladan, Shahrisabzda bevosita Sohibqironning sa’y-harakatlari bilan bunyod etilgan tarixiy obidalar xarobaga aylantirildi. Hatto ul zot va avlodlarning qabr-maqbaralari ham “ilmiy tadqiqotlar” niqobi ostida talon-taroj etildi, toptaldi. Lekin xalqimiz ulug’ ajdodini hech qachon unutmadi. Uning xotirasini hamisha yuragida saqladi.
Qadrli Shaxrisabz ahli!
Mana shu qarshimizda turgan Oqsaroy har birimiz uchun tariximiz aziz va mo’tabar yodgorligidir. Bu ulug’ bino ham mustamlakachilar tajovuzining qurboni bo’lganini yaxshi bilasiz. Sohibqironning ulug’vor haykali aynan Oqsaroy oldida qad rostlagani bejiz emas. Buning o’ziga xos, o’ziga mos chuqur ramziy ma’nosi bor.
Jannatmakon Amir Temur bobomiz bu koshona peshtoqiga shunday bir hikmatni naqsh etib ketganlar. Uning mazmuni sizlarga ma’lum: “Kimki bizning shon-shuhratimizni ko’rmoqchi bo’lsa, biz barpo etgan imoratlarga nazar solsin!”.
Bu ko’hna dunyoda jahongirlar ko’p o’tgan. Ularning aksariyati faqat buzgan. Amir Temurning ulardan farqi shundaki, u umr bo’yi bunyodkorlik bilan mashg’ul bo’lgan. U muborak zot aytganlarki: “Qay bir joydan bir g’isht olsam, o’rniga o’n g’isht qo’ydirdim, bir daraxt kestirsam, o’rniga o’nta ko’chat ektirdim”.
Yana bir o’rinda esa shunday deganlar: “Dunyoning yarmini oldim, saltanatimning u chetidan-bu chetiga biror bolakay boshida bi lagan tilla ko’tarib o’tadigan bo’lsa, bir donasiga ham zarar yetmaydigan tartib-intizom o’rnatdim”.
Hali telefon, telegraf, kommunikatsiya vositalari bo’lmagan bir sharoitda Amir Temur Sharqni G’arb bilan tinchlik, tijorat, elchilik yo’li vositasida birlashtirishga harakat qilgan. Bizning bugungi siyosatimiz Amir Temurning bu borada olib borgan olijanob ishlarining davomidir.
Muhtaram do’stlar!
Karami ulug’ Alloh xalqimizga, Vatanimizga shu qadar marhamat qilibdiki, millatimizga Amir Temurdek buyuk Sohibqironni beribdi. Buning uchun Yaratganga har qancha shukrona aytsak arziydi.
Insoniyat yangi asrga qadam qo’yayotgan bugungi kunda ham Amir Temur ma’naviyat va shijoatli, adolatparvar siyosati yuksak ibrat namunasi bo’lib qolg’usidir.
Yana bir bor ta’kidlamoqchimanki, kimki o’zbek nomini, o’z millatining kuch-qudratini, adolatparvarligini, cheksiz imkoniyatlarini, uning umumbashariyat rivojiga qo’shgan hissasini, shu asosda kelajakka ishonchini anglamoqchi bo’lsa, Amir Temur siymosini eslashi kerak.
Bugungi qutlug’ kunda Amir Temur bobomiz baland ko’targan va asrimiz oxiriga kelib bizning qo’limizda qaytadan mag’rur hilpirayotgan mustaqilligimiz bayrog’i ostida turibsizlar, barcha xalqimizni shu ulug’ shodiyona bilan muborakbod etaman.
Ma’lumki, Shahrisabz ahlining temuriylar davri ulkan va ma’naviy merosini, noyob tarixiy yodgorliklarini asrab-avaylash, yosh avlodni buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari, ozod mamlakatimiz buyuk istiqbolini yaratishga qodir kishilar qilib tarbiyalash ishiga qo’shgan alohida xizmatlarini e’tiborga olib, Shahrisabz shahri “Amir Temur” ordeni bilan mukofotlangan edi.
Bugun shu yuksak mukofotni sizlarga topshirishdan nihoyatda xursandman.
Aziz do’stlarim, yurtdoshlarim!
Buyuk Sohibqironning mo’tabar nomi bilan ataluvchi orden sizlarga muborak bo’lsin!
Bu oliy nishon ulug’ bobomizni voyaga yetkazgan mo’tabar beshikka tumor bo’lsin!
Iloyo, hammamizni Sohibqiron Amir Temurning o’lmas ruhlari hamisha qo’llasin va barcha ishimizda madadkor bo’lsin!
***
Amir Temur nomidagi ordenning ta’sis etilishi va xalqaro xayriya jamg’armasining tashkil qilinishi muhim voqea hisoblandi. O’zbekiston va xorijiy mamlakatlarda Amir Temur faoliyatiga bag’ishlangan xalqaro anjumanlar o’tkazildi. Ularda shaxsan Yurtboshimiz qatnashib, nutq so’zladi. Uning 1996 yil 24 aprelda Parijda YUNESKO Ijroiya kengashi sessiyasida, YUNESKO qarorgohidagi “Temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va maorifning gullab-yashnashi” ko’rgazmasinign ochilish marosimidagi chiqishlari shular jumlasidandir.
1996 yil 24 oktabrda Yurtboshimiz Toshkentda o’tkazilgan Amir Temur tavalludining 660 yilligiga bag’ishlangan xalqaro ilmiy anjumanda “Amir Temur fahrimiz, g’ururimiz” mavzusi bo’yicha ma’ruza o’qidi. “Biz, — deyiladi ma’ruzada, — Amir Temur tarixini har tomonlama chuqur o’rganishimiz va tadqiq qilinishimiz kerak. Bugungi anjuman mana shu yo’ldagi muhim qadamdir. Sir emaski kommunistik mafkura hukmron bo’lgan sovet jamiyatd tarix fani ham ulug’ millatchilik g’oyalarining qurboni bo’lgan edi. Shu sababli davrida sobiq ittifoq hududida yaratilgan tarixiy asarlarda Amir Temur shaxsi va faoliyatiga adolatsizlik bilan bir yoqlama baho berildi, bu g’am yer yuzining oltidan bir qismini egallagan ulkan hududda yashagan ikki yuz ellik million xalqqa zo’rlab singdirildi. Ana shunday noto’g’ri va g’ayri ilmiy qarashlarga tanqidiy baho berib, Amir Temurga nisbatan tarixiy adolatli qaror to’ntarish bu kungi temurshunoslikning muhim vazifalaridan biridir”.
Amir Temurning butunlay oqlanishi, uning buyuk davlat arbobi va tarixiy shaxs sifatida yuzaga chiqarilishi, qadr-qimmatining o’rniga qo’yilishi hamda xotirasining abadiylashtirilishining — barchasi yurtboshimiz Islom Karimovning nomi bilan chambarchas bog’liqdir.