ACHCHI (ATCHI) SURILMASI
ACHCHI (ATCHI) SURILMASI — Ohangaron daryosi yuqori oqimining chap sohilida 1972 yil bahorida vujudga kelgan ulkan surilma. Sahni 8 kilometr kvadrat bo’lgan 800 million metr kub hajmdagi tog’ jinsi surila boshladi. Achchi surilmasining dastlabki belgilari 70-yillar avvalida namoyon bulgan. Mikrorelefda eng ko’p jiddiy o’zgarishlar 1973 yildan boshlangan (yirik yoriqlar paydo bo’ldi, turar joy binolari va inshootlar shikastlandi, avtomobil yo’llari va Ohangaron daryosi ko’prigi deformasiyalandi). Surilma Teshiktosh shaharchasini, «Yerostigaz» stansiyasi va Angren shahri quyi qismini bosishi hamda Angren GRESga suv beruvchi kanalni to’sib, ko’mir havzasini suv ostida qoldirish xavfini tug’dirdi. Surilma tezligi dastlab sutkasiga 1-2 millimetr, keyinroq 17 millimetrga yetdi. Dunyoda eng katta surilmalardan biri bo’lgan Achchi surilmasining paydo bo’lishiga u yerda 8 kilometr kvadrat maydonda 1947 yildan shaxta usulida uzluksiz ko’mir qazib olinishi, 1961 yildan ko’mirning bir qismini yer ostida gazga aylantirilishi natijasida bo’shliq paydo bo’lishi, 40-65 metr qalinlikda 60 million metr kub kon chiqindilari to’kmasi (otval)ning uyumlanishi, ya’ni nazoratsiz antropogen omillar sabab bo’ldi. Bularning barchasi tog’ jinslari qatlamida tabiiy muvozanatning buzilishiga olib keldi. Ko’mirning shaxta usulida qazib olinishi, 100-130 metr chuqurlikda 5-15 metr qalinlikdagi ko’mir qatlamining gazga aylantirilishi 1960 yildayoq 60 ga yerda surilma sodir bo’lishiga, yer usti qatlamining 45 metrgacha surilishi va 4-15 metr cho’kishiga sabab bo’lgan edi. Zagsan surilmasi ham yer osti suvlari rejimini o’zgartirdi. Achchi surilmasi favqulodda murakkab va xavfli vaziyatni vujudga keltirdi. Uni bartaraf etish maqsadida respublika hukumatining maxsus qarori asosida tezkor ekspert-metodik kengash tashkil qilinib, unga tegishli tashkilotlar jalb qilindi. Ko’lami jihatidan ulkan falokat keltirib chiqarishi ayon bo’lgan surilmaning zudlik bilan to’xtatib qolish chora-tadbirlari belgilandi. Tavsiyalarni muvofiqlashtirish va amaliy ishlarni bajarish Geologiya va mineral resurslar davlat qo’mitasining «O’zbekgidrogeologiya» birlashmasi zimmasiga yuklandi. Yuzdan ortiq burgilash ishlari olib borildi va surilma maydonining muhandislik-geologik va gidrogeologik holatlari o’rganildi. Surilmani to’xtatish uchun 120 million metr kub hajmda tog’ jinsi keltirilib daryo bo’yiga 3,2 kilometr masofaga yotqizildi va damba (kontrfos) hosil qilindi. Teshiktoshning 13 ming aholisi boshqa yerga ko’chirildi, Ohangaron daryosi yangi o’zan (6 kilometrli aylanma kanal) ga burib yuborildi. Achchi surilmasi tezligi kamaytirila borib, 17 yildan keyin to’xtash fazasiga erishildi. Surilmaning barqarorlashtirishga erishilishi tabiiy ofatlarning oldini olishda jahon amaliyotida katta voqea bo’ldi. Achchi surilmasini «O’zbekgidrogeologiya» birlashmasi qoshidagi xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati tomonidan nazorat qilib borish davom etmoqda. Olimjon Oxunjonov.