ASHURALI ZOHIRIY

ASHURALI ZOHIRIY (1885-Qo’qon shahri yaqinidagi Oyim qishlog’i — 1937/42) — o’zbek ma’rifatparvari, jurnalist. Qo’qon shahridagi Muhammad Alixon (Ma’dalixon) madrasasida tahsil ko’rgan (1914). Tarix, adabiyotni chuqur bilgan. Arab, fors, Ozarbayjon, turk, tatar va rus tillarini o’rgangan. Rus-tuzem maktabida o’zbek tili va adabiyotidan dars bergan, Qo’qonda «G’ayrat» nomli xususiy nashriyot tashkil etgan. «Sadoyi Farg’ona» (1916-21), «Farg’ona» (1922— 28) gazetalarida adabiy xodim bo’lib ishlagan. Vaqtli matbuot sahifalarida ma’rifatparvarlik maqolalari bilan faol ishtirok etgan. Yangi usuldagi maktablar ochgan. Qo’qonda «Dorulmuallimin» maktabini tashkil etib, shu yerda ishlagan. Qori-Niyoziy rahbarlik qilgan Farg’ona pedagogika texnikumida, Qo’qon pedagogika bilim yurti, neft texnikumi, savodsizlikni tugatish kurslari va maktablarda muallimlik qilgan. Kishilarni til o’rganishga, ilmli bo’lishga da’vat etgan. Soqosv bilan hamkorlikda maktab o’quvchilari uchun «Turkiy xrestomatiya yoxud terma kitob» darsligini tuzgan (1912). O’zbek tilida birinchi bo’lib boshlang’ich sinflar uchun «Imlo» darsligini yaratgan (Qozonda nashr etilgan, 1916). Navoiyning «Muhokamat ullug’atayn» va «Vaqfiya» asarlari ustida matnshunoslik tadqiqotlari olib borgan. «Muhokamat ul-lug’atayn»ni husnixatda ko’chirib (1916), Qo’qonda Vayner kutubxonasida chop ettirgan (1917). «Vaqfiya»ni ham nashrga tayyorlagan, lekin noma’lum sabablarga ko’ra nashr etilmagan. «Ruscha-O’zbekcha lug’at» tuzgan (1925). Cho’lpon bilan hamkorlikda «Adabiyot parchalari» to’plamini nashr ettirgan (1926). Hur fikrlovchi ziyoli shaxs sifatida Ashurali zohiriy sho’ro tuzumi uchun xavf tug’dirdi. Shuning uchun ham u avval 1930 yilda qamoqqa olinib, 10 yilga hukm qilingan va muddatidan oldin qaytgan. Ammo 1937 yilda ikkinchi bor qamoqqa olingan va qatl etilgan. Ad.: Madaminov A., Valixonov M., Tojiboyev R., Ma’rifat charog’boni («Adabiy meros»), N° 3, T., 1987.