A’ZAMOV YO’LDOSH

A’ZAMOV YO’LDOSH (1909.10.5 — Toshkent — 1985.16.6) — aktyor va kinorejissyor. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1965). O’zbekiston xalq artisti (1970). «Sovkino», «Vostokkino», «O’zbekfilm»larda ishlagan. U aktyor sifatida Yu. Rayzmanning «Yer chanqog’i» (1930), N. G’aniyevning «Yuksalish» (1931) filmlaridagi Qurbongeldi va mexanik obrazlarini yaratgan. «Tohir va Zuhra» (1945) badiiy filmiga ikkinchi rejissyor bo’ldi. Urushdan keyingi yillarda esa hujjatli-xronikal filmlar («Xalq qizlari», «Toshkent mesi» va boshqalar) ishladi. Birinchi mustaqil badiiy filmi «Qilich» (1934). Toshkent yosh tomoshabinlar teatrida rejissyor sifatida bir qancha pyesalarni sahnalashtirgan. A’zamov kinorejissyor sifatida «Gulbahor» (1956). «Maftuningman» (1958), «Furqat» (1959), «Istiqbol yo’li» (1961), «Oydin sahifa» (1965), «Sayyod qo’ng’irog’i» (1966), «O’tgan kunlar» (1969), «Olovli so’qmoqlar» (1971), «Mehrobdan chayon» («Zulmatni tark etib…», 1973), «Odamlar tashvishida» (1976), «Ota nasihati» (1979), «Katta va qisqa hayot» (1981), «Parol, «Regina» mehmonxonasi» (Z. Rayzman bilan hamkorlikda, 1984) va boshqa filmlarni yaratdi. A’zamov ijodida o’zbek xalqining tarixiy va zamonaviy hayoti sahifalarini milliy ruhda ko’rsatishga intilish ko’proq seziladi. Aktyorlar bilan obrazlar ustida chuqur ishlash, barcha harakatlarni qahramon xarakteri va ichki dunyosini ochib berishga qaratish rejissyor ijodiga xos. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1972).