AYUTTXAYA

AYUTTXAYA, Ayutiya, (rasmiy nomi Pra-Nakxonsi-Ayuttxaya) — Tailanddagi qadimgi shahar. Menam pasttekisligining Markaziy qismida. Aholisi 100 ming kishi atrofida. Ayuttxaya Markaziy Tailandda temir yo’l bilan Menam daryosi kesishgan joydagi muhim savdo-transport tuguni, sholikorlik rayonining markazi. Sholi oqlaydigan, vino va konserva zavodlari bor. Hunarmandchilik (kumush buyumlari ishlab chiqarish) taraqqiy etgan. Ayuttxaya 1350 yilda bunyod etilgan va birmaliklar vayron qilib tashlagunga qadar (1767) mamlakat poytaxti bo’lgan. 19 — asrda qayta bunyod etilgan. Ayuttxaya Tai xalqi qadimgi madaniyatining yodgorligidir. Na Praman (7 —9-asrlar), Buddasavan (14-asr), Rajapuran (15-asr), Pra Srisanpet (15 — 16-asrlar) ibodatxonalari va saroylar bor.