AHMEDOV RAHIM AHMEDOVICH

AHMEDOV RAHIM AHMEDOVICH (1921.26.7, Toshkent) — rassom. O’zbekiston xalq rassomi (1961). O’zbekiston BA faxriy a’zosi (1997). Toshkent badiiy bilim yurti (1937-41) va Leningrad rassomlik, haykaltaroshlik va me’morlik institutida (1947-53) ta’lim olgan. 1953 yildan Toshkent teatr va rassomlik san’ati in-tida o’qituvchi, 1976 yildan professor. O’zbekiston Rassomlar uyushmasi boshqaruvi raisi (1965-84, 1992-94). Ahmedov asarlari chukur psixologik ifodaliligi bilan ajralib turadi, ularda ichki kechinmalar, his-tuyg’ular mohirona ifodalangan. Ijodini asosan portretlar chizish bilan boshlagan («Qahramon ona», 1949, «Cho’pon», 1952, «Student qiz portreti», 1954 va boshqalar). Rassom yaratgan portretlar («Ona o’ylari», «Keksa kolxozchi portreti», 1956; «O’zbek qizi portreti», 1958; «Qashqadarslik ayol», 1959; «Mehnatda ham soldat», 1961; «Surxondarslik ayol», 1962; «Muqimiy», 1968; «Nigora», 1971; «U. Tansiqboyev», 1972; «Lola portreti», 1979; «Nabi Raximov», 1983; «Shuhrat Abbosov», 1987 va boshqalar) o’zbek tasviriy san’atida portret janrining rivojiga katta hissa bo’lib qo’shildi. Manzaralar («Bahor», 1964, «Nahor. Oqtosh bahori», 1971 va boshqalar), natyurmortlar («Natyurmort», 1954, «Natyurmort», 1965 va boshqalar) ham yaratgan. Turli sharoitlarda aks ettirilgan ayollar obrazlari («Qo’shiq», 1964; «Yanvar. 1924 yil» va boshqalar) ham jozibalidir. Asarlari O’zbekiston san’at muzeyi, badiiy ko’rgazmalar direktsiyasi, Sharq xalqlari san’ati muzeyi va boshqalarda saqlanadi. Asarlari 1948 yildan respublika va xalqaro ko’rgazmalarda namoyish etiladi. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1967). «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (1998).