ZABONI GOV
ZABONI GOV (forscha-tojikcha — ho’kiz tili) — tandir nonining qadimgi turlaridan biri. Uni Samarqand novvoylari Temuriylar davrida kashf etishgan. Inqilobga qadar ham bunday non Samarqand bozorida sotilib turgan. Zaboni gov xamiri shirmoy non xamiri kabi qorilgan, odatdagicha yumaloq emas, balki qayiqsimon-oval shaklida yasalib, o’rtasi nafis — 1 santimetr, chekka hoshiyalari 2-3 santimetr qalinlikda bo’lgan. O’rtasiga chakich urilgan, chekkalari pichoq bilan tilinib, naqsh berilgan. Tandirga yopib g’o’zapoya cho’g’ida pishirilgan. Zaboni govni pishirishni biladigan novvoylar hozir ham Samarqand va Shahrisabzda bor.