So’ri

So’ri — tok o’stirishga mo’ljallangan tayanch moslama. Farg’ona, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarida keng tarqalgan. Toklarni yerdan ko’tarish uchun tik ustunlar qo’yiladi va ustunlarning 3-3,5 metrli baland qismidan bir tomonga qiyshaytirib yana 3-4 metr uzunlikda xodacha yoki taxtalar o’rnatilib, ularning uch qismiga tirgak ustunlar qo’yiladi. Tik qo’yilgan ustunlarga va So’rining ustiga 40-50 santimetr oraliqda bag’azlar bog’lanadi. Sohibkor Rizamat Musamuhamedov tomonidan tokni So’rida o’stirishning yaxshilangan voish usuli ishlab chiqilgan. Tokni So’rida o’stirish usuli xalq tajribasi asosida vujudga kelgan. So’rida o’stiriladigan tokning zang, madang va bir yillik novdalari atrofga keng taralib yayrab o’sadi. Barglari havo va quyoshdan yaxshi foydalanadi, assimilyasiya jarayoni kuchayadi. Natijada uzum boshlari kattalashadi, rang kiradi, shirasi ortadi, kasalliklardan kam zararlanadi.