ZARYADLI ZARRALAR HISOBLAGICHLARI
ZARYADLI ZARRALAR HISOBLAGICHLARI — zaryadli zarralar (elektron, proton va boshqalar) ni qayd qilish va ularning energiyasini aniqlash uchun ishlatiladigan fizik qurilmalar. Ularning ishi zaryadli zarralarning modda atomlari bilan o’zaro ta’sirlashishiga asoslangan. Zaryadli zarralar hisoblagichlarining bir necha xillari mavjud: ionlash xisoblagichi (ionlash kamerasi), mutanosib (proportsional) hisoblagich, Geyger — Myuller hisoblagichi, Cherenkov hisoblagichi, stsintillyasiey hisoblagich, yarimo’tkazgichli hisoblagich, kristall hisoblagich va boshqalar. Ionlash hisoblagichining ishi gaz razryadiga asoslangan. Bunday hisoblagichlar ikki elektrodli yopiq idishdan iborat. Idish inert gazlar, vodorod, azot yoki gaz aralashmalari, jumladan uglevodorodlar bilan to’ldiriladi. Elektrodlarga tok manbai ulanib, elektr maydoni hosil qilinganda musbat va manfiy ionlar elektrodlarga tortiladi. Hisoblagichdan o’tgan zaryadli zarralar zanjirda impulslar hosil qiladi. Rasmda zaryadli zarralarni qayd qilishning umumiy printsipi ko’rsatilgan. Mutanosib hisoblagichning ishi ham gaz razryadiga asoslangan. Unda zanjirdagi tok amplitudasi qayd qilinayotgan zaryadli zarralar energiyasiga mutanosib bo’ladi. Hisoblagich elektrodlaridan biri, ko’pincha, tsilindr shaklida bo’lib, ikkinchi elektrod — tsilindr o’qi bo’ylab tortilgan ingichka simdir. Metall tsilindr — katod, sim esa anod vazifasini o’taydi. Anod — katod potentsiallari farqi 900-1000 V bo’lganda birlamchi ionlanish natijasida hosil bo’ladigan erkin elektronlarning tezligi elektr maydoni ta’sirida ortib, ionlar hosil qila oladi. Bu hodisa gaz kuchaytirishi deyiladi. Potesiallar farqi ortgan sari elektr impulsi amplitudasi xam ortadi, erkin elektronlar katta tezlikka erishadi va, o’z navbatida, gaz atomlarini ionlarga ajrata oladi. Ionlanish ketma-ket takrorlanib, jala razryadi (elektronlar jalasi — mustaqil bo’lmagan razryad) ro’y beradi. Ionlar schyotchik elektrodiga borib etganidan keyin elektr razryadi so’nadi. Yarimo’tkazgichli hisoblagich (detektor) — zaryadli zarralar va gammanurlarni qayd qilish va ularning energiyasini o’lchaydigan asbob. Ko’pincha, kremniy yoki germaniy monokristallidan plastinka ko’rinishida tayyorlanadi. Zaryadli zarralar plastinkaga tushganda, muvozanat holatda bo’lmagan zaryad tashuvchilar jufti, ya’ni elektronkovak jufti hosil qiladi. Tashqi elektr maydon ta’sirida elektron va kovak elektrodlarga tomon siljiydi, natijada tashki zanjirda elektr impulsi hosil bo’ladi. Bu impuls radiotexnik qurilmalar yordamida qayd qilinadi. Kristall hisoblagich — dielektr kristallarda hosil bo’layotgan zarralarni qayd qiluvchi asbob. Dielektrik monokristall (odatda, olmos yoki kadmiy sulfide kristallari) dan tayyorlanadi. Bulardan tashqari, Vilson kamerasi, diffuzion kamera, katlamli fotografik emulsiya va boshqalar ham zaryadli zarralarni qayd qiladigan hisoblagichlar hisoblanadi. Rahim Bekjonov.