ZIDDIYAT

ZIDDIYAT (mantiqda) — muhokama yuritishda, matnda va nazariyada biri ikkinchisini inkor etadigan 2 mulohazaning mavjudligi; (dialektikada) — predmet va hodisalarga ob’ektiv ravishda xos bo’lgan bir butunning qarama-qarshi (musbat va manfiy, tug’ilayotgan va o’lib borayotgan, yangi va eski) tomonlari, belgilari, yo’nalishlari o’rtasidagi muhim munosabatlar. Shu munosabatlar kurashi tabiat, jamiyat va tafakkur taraqqiyotining manbaini, harakatga keltiruvchi kuchini va ichki mazmunini tashkil etadi. Taraqqiyot Ziddiyatlarning paydo bo’lishi, rivojlanishi va bartaraf qilinishi jarayonidan iborat. Ziddiyatlar har xil bo’lib, ular narsa va hodisalarning harakati va rivojlanishida turlicha rol o’ynaydi. Ziddiyatlar ichki va tashqi, asosiy va asosiy bo’lmagan, antagonistik va antagonistik bo’lmagan Ziddiyatlarga bo’linadi. Ichki Ziddiyat — narsa va hodisalardagi ichki jarayonlarning ifodasi, «o’z-o’zidan harakatlanish» ning manbai, rivojlanishning asosiy sababidir. Tashqi Ziddiyat — narsa va hodisalar o’rtasidagi munosabatlarning ifodasidir. Masalan, tabiat bilan jamiyat, organizm bilan muhit o’rtasidagi Ziddiyat tashqi Ziddiyatdir. Ichki va tashqi Ziddiyatlar rivojlanish jarayonida bir xil rol o’ynamaydi. Rivojlanishning mohiyati, asosan, ichki Ziddiyatlarning hal qilinishi bilan belgilanadi. Ammo tashqi Ziddiyatlarni ham e’tibordan chetda qoldirish mumkin emas. Tashqi Ziddiyatlar rivojlanishga bilvosita, ya’ni ichki Ziddiyatlarni hal qilishga ijobiy yoki salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. Narsa va hodisaning mohiyatini, holatini, kelib chiqish va rivojlanish qonuniyatlarini belgilovchi Ziddiyatlar asosiy Ziddiyatlar deb ataladi. Asosiy Ziddiyat taraqqiyotda hal qiluvchi rol o’ynaydi va barcha boshqa Ziddiyatlarga ta’sir ko’rsatadi. Asosiy bo’lmagan Ziddiyatlar ham mavjud. Bosh Ziddiyat deb rivojlanishning u yoki bu bosqichining mohiyatini belgilab beradigan asosiy Ziddiyatga aytiladi. Narsa va hodisalar rivojlanishining muayyan bosqichidagi bosh Ziddiyat asosiy Ziddiyatning aniq ko’rinishi yoki ifodasidir. Antagonistik Ziddiyatlar jamiyatdagi manfaatlari birbiriga tubdan zid bo’lgan kuchlar, ijtimoiy guruhlar va tabaqalar o’rtasidagi Ziddiyatlardir. Antagonistik bo’lmagan Ziddiyatlar jamiyatdagi manfaatlari birbiriga mos keladigan yoki manfaatlarini o’zaro kelishtirish mumkin bo’lgan ijtimoiy guruhlar va tabaqalar o’rtasidagi Ziddiyatlardir. Sho’rolar davrida sosialistik jamiyatda antagonistik Ziddiyatlar yo’q, unga faqat antagonistik bo’lmagan Ziddiyatlar xos degan mafkuraviy fikr targ’ib qilingan. Aslida bunday Ziddiyatlar mavjud bo’lsada, sho’rolar saltanati zo’rlik bilan bu Ziddiyatlarning namoyon bo’lishiga yo’l qo’ymagan. Sobiq sho’rolar davlatining ba’zi mintaqalarida sodir bo’layotgan qonli to’qnashuvlar, fuqarolar urushi o’sha hal qilinmay qolgan Ziddiyatlarning oqibatidir. Jamiyatdagi Ziddiyatlar turli shakl va usullar bilan bartaraf qilinadi. Ulardan ba’zilari eskining yemirilishi va yangining qaror topishi asosida hal qilib borilsa, boshqalari shu Ziddiyatni tashkil qilgan qarama-qarshi tomonlarni o’zaro kelishtirish, murosayu madoraga keltirish, hamjihatlik va hamkorlikka erishish yo’li bilan bartaraf etilishi mumkin. Keyingi vaqtda jamiyatdagi Ziddiyatlarni hal qilishda qo’llanilayotgan samarali usullardan biri konsensus (o’zaro kelishuv) dir. Ilgari Ziddiyatlarni hal qilishning bu usuliga yetarli e’tibor berilmagan. Yangicha tafakkurning karor topishi bilan jamiyatdagi Ziddiyatlarni xal qilishda Gegel qayd qilib o’tgan konsensus usulidan foydalanish maqsadga muvofiq bo’lib chikdi. Uzoq yillar davomida birbiriga qarama-qarshi bo’lib kelgan davlatlar, jamiyatdagi qarama-qarshi tomonlar, kuchlar, ijtimoiy guruhlar, harakatlar va partiyalar o’rtasidagi Ziddiyatlarni jamiyatning umumiy manfaatlaridan kelib chiqib hal qilishda konsensus usuli juda qo’l kelmoqda. Ziddiyatlarni bartaraf etishdagi bu usul jahon xalqlarining milliy totuvlikka, o’zaro hamkorlikka va birdamlikka, barqarorlikka erishishida muhim ahamiyatga ega bo’lmoqda. Yuqorida tilga olingan Ziddiyatning turlarini birbiridan farq qilish zarur, lekin ular o’rtasida mutlaq chegara yo’q. Voqelikda ular o’zaro chirmashib ketadi, birbiriga o’tadi va taraqqiyotda xilma-xil rol o’ynaydi. Shuning uchun, Ziddiyatlarning har biriga aniq yondashish, Ziddiyat namoyon bo’ladigan sharoitni, muhitni, vaziyatni, u o’ynaydigan rolni to’g’ri hisobga olish lozim. Abdulla Aktov.