ZIYO NAXSHABIY
ZIYO NAXSHABIY, Ziyouddin Naxshabiy (13 asr oxiri, Qarshi yaqinidagi Naxshab shahri; hozirgi Shulliqtepa — 1350, Hindiston, Badoyun shahri) — shoir. Fors va turkiy tilida ijod qilgan. Asarlarida insonparvarlik g’oyalari talqin etilgan. Hindlar orasida mashhur bo’lgan «To’tining yetmish hikoyasi» asarini qayta ishlab, «To’tinoma» dostonini yaratgan (1330). Unda soflik, ezgulik, odoblilik, vafodorlik kabi insoniy fazilatlar ulug’langan, tubanlik kabi xususiyatlar qoralangan. (Asarning bir necha qo’lyozma nusxalari O’zfashida saqlanadi, inv. № 4666/4395). Ziyo Naxshabiy «Lazzat unniso» («Ayol lazzati»), «Juzviyot va kulliyot» («Butun va bo’laklar»), «Gulrez», «Silk ussuluk» («Izlovchilar yo’li»), «Sharhi surai Zabur» («Zabur suralarining sharhi») va boshqa asarlar muallifi.