ZIYOLILAR

ZIYOLILAR, intelligentsiya —aqliy mehnat bilan shug’ullanuvchi kishilar. Ziyolilar deganda odatdan tashqari holatlarda tezda chorasini topa oladigan, narsa-buyum yoki jarayonning mohiyatini to’g’ri va darhol anglab oladigan, umuman, aql-farosatni ishlata olish, tez fikr yuritish va xulosa chiqarish qobiliyatiga ega bo’lgan odamlar tushuniladi. Ziyolilar atamasi xalqaro miqyosda qo’llaniladigan intelligentsiya atamasiga mos keladi. Intelligentsiya atamasining o’zagida lotincha intelligentia, intellegentia — aqlli, bilimli, idrokli kishi degan ma’no yotadi. Intelligentsiya so’zini rus yozuvchisi P. D. Boborikin (1836-1921) rus tiliga kiritgan. O’zbek tilidagi ziyoli so’zining o’zagida ziyo, nur ma’nosi yotadi. Ziyo so’zi ilm, ma’rifatni ifodalashda qo’llanadi, ziyoli so’zi ilmli, ma’rifatli, bilimdon kishi ma’nosini anglatadi. Ziyolilar yuksak axloqlilik va demokratizm timsoli, yaxshi fazilatlarga ega bo’lgan, turli xurofotlardan xoli insonlar hisoblanadi. Yovuzlik, tajovuzkorlik, shafqatsizlik, ochko’zlik singari tuban xususiyatlar ziyolilikka ziddir. O’zida bunday salbiy sifatlar bo’lgan Ziyolilar aql-idrokni, ilmni yovuz maqsadlarga xizmat qildirishi mumkin. Ziyolilar atamasini intelligentsiya atamasining tarjimasi sifatida O’zbekistonda 19 asrning oxiri — 20 asrning boshida dastlab jadidlar qo’llashgan. Ziyolilar tarixda mehnatning jismoniy va aqliy mehnatga ajralishi tufayli vujudga kelgan. Dastlab odamlar, asosan, jismoniy mehnat bilan tirikchilik qilishgan bo’lsa, davrlar o’tishi bilan jamiyatda aqliy mehnatga ehtiyoj paydo bo’ldi. Kishilarga ilmma’rifat o’rgatuvchi o’qituvchilar, davolovchi shifokorlar, dinu diyonatni targ’ib qiluvchi, muhtojlarga taskin beruvchi ruhoniylar, kishilarni ma’naviy-ruhiy, estetik tarbiyalovchi yozuvchi, musiqachi, rassomlardan iborat ijtimoiy qatlam shakllanib, rivojlana bordi. Shu tarzda kishilar mehnat sharoitining o’zgarib borishi bilan aqliy mehnatning mavqei kuchayib, ko’lami kengayib bordi. Bu esa Ziyolilar sonining oshishiga olib keladi. Ziyolilar ko’paygan sari jamiyatda ma’naviy yuksalish yuz beradi. Ziyolilar xalqni ma’naviy yetaklab boruvchi qatlam hisoblanadi. Bu qatlam erkin fikrlovchi, o’zining mustaqil qarashlariga ega bo’lgan kishilardan iborat. Hur fikr hamma vaqt ham jamiyatni boshqaruvchilarning manfaatlariga mos kelavermagan. Buni kommunistik mafkura hukmron bo’lgan davrdagi siyosatdan ko’rish mumkin. O’sha paytda bu qatlam ishchilar hamda dehqonlardan keyingi o’ringa qo’yilgan. Sotsiologlar jamiyatdagi ijtimoiy qatlamlarni o’rganishda Ziyolilarni tarkibi murakkab bo’lgan ijtimoiy tabaqa sifatida ta’riflaydilar, bu tabaqa bir necha guruhlarga ajratiladi. Ularni: 1) aholiga xizmat ko’rsatish yo’nalishidagi Ziyolilar (o’qituvchi, vrach va boshqalar); 2) muhandis-texnik hodimlar; 3) ruhoniylar; 4) madaniyat hodimlari; 5) jamiyatni boshqaruvchi amaldorlarga ajratish mumkin. Bundan tashqari, Ziyolilarni yashash joylariga qarab qishloq Ziyolilari, shahar Ziyolilari.; yoshiga ko’ra; jinsiga ko’ra; yashaydigan mintaqasi, mamlakatiga ko’ra; shug’ullanayotgan kasbining mazmuniga ko’ra; qay darajadagi mulkka egaligiga ko’ra; avlodajdodlarining tabaqasiga ko’ra guruhlarga bo’lish mumkin. So’nggi davrdagi ijtimoiy taraqqiyot mehnatning mazmunini keskin o’zgartirib yubordi. Aqliy mehnat talab qiluvchi yangiyangi ish sohalari vujudga keldi. Yuksak rivojlangan texnika, ilg’or texnologiyaning kuchayishi bunday mehnatga bo’lgan ehtiyojni har qachongidan ham oshirib borayotir. Intellektual jihatdan yuksak rivojlangan davlatlargina dunyoda ustuvor mavqeini egallamoqda. Bu hol Ziyolilar va ziyolilikning mohiyatiga yangicha yondoshishni, Ziyolilarning jamiyat hayotidagi roli masalasini chuqurroq o’rganishni taqozo qiladi. Baxtiyor To’rayev.