ZIYORIYLAR

ZIYORIYLAR — Eronda hukmronlik qilgan sulola (928-1042). Asoschisi qadimgi aslzodalar avlodidan bo’lgan Mardovij ibn Ziyor (928-935). U Somoniylar lashkarboshisi asfar isyonidan foydalanib, Tabariston, Jurjonni ishg’ol qilgan va mustaqil Ziyoriylar davlatini tuzgan. Keyinchalik Isfahon, Hamadonni egallagan, 928-931 yillarda Ziyoriylar davlatining chegarasi Mesopotamiyadagi Xulvon shhrigacha kengaygan. Mardovij abbosiylar vassali hisoblanardi. Uning vafotidan so’ng Ziyoriylarga qarashli hudud bo’linib ketgan. Mardovijning ukasi Vashmgir (Vushmgir) davrida (935-967) Ziyoriylar ixtiyorida faqat Kaspiy bo’yi yerlarigina qolgan, bu vaqtda ular somoniylarga tobe bo’lgan. Ziyoriylar buvayhiylar bilan Somoniylar o’rtasidagi shimoliy Eron uchun bo’lgan kurashda muhim rol o’ynagan. 11 asr boshlarida Ziyoriylar g’aznaviylarga bo’ysungan. 1041 yil saljuklar Jurjon va Tabaristonni bosib olgach, Ziyoriylarning so’nggi shohi Kaykovus G’aznaga qochgan.