ZIRABULOQ TOG’LARI

ZIRABULOQ TOG’LARI Samarqand viloyatidagi tog’lar. Geologik jihatdan Zarafshon tizmasining shimoliy g’arbiy davomi. Sharqda Jom cho’li, g’arbda Ziyovuddin tog’lari bilan chegaradosh. Janubda Qarnob cho’li tekisligidan tik pog’ona bilan ajralgan, shimolda Zarafshon daryosi vodiysiga tutashgan. Eng baland joyi 1120 metr. Shimol qismining balandligi 930— 1100 metr, Markaziy qismi 830-890 metr. Janub qismida Ayribel, Qo’shdara, Jalqir, Alyomiy (1054 metr), Piyoztog’, Mahmudtog’ (962 metr), shimolda Beshtog’ va boshqa tog’ tizmalari mavjud. Ularning Janub va Janubiy g’arbiy yon bag’irlari tik ko’tarilgan qoyali, tub jinslari yalang’och, turli nurash shakllari bilan murakkablashgan, chuqur va tor daralar hamda soylar bilan kuchli parchalangan. Shimol va shimoliy Sharqiy yon bag’irlari yotiqroq va asta-sekin tog’ etagi tekisligiga qo’shilib ketadi. Prolyuvial shleyflar tog’lardan boshlangan soylarning konus yoyilmalaridan iborat. Shimol yon bag’irlarida tepaliklar va ular oralig’ida soyliklar mavjud. Quruq soylar (Jinichkasoy, Ko’ksoy, Ustungusoy, Chalquduqsoy va boshqalar) da erta bahor va yoz boshida sel suvlari oqadi. Zirabuloq tog’larining shimol tizmalari quyi silurning qumtoshslanes yotqiziqlari, barcha qoyali tog’ tizmalari yuqori silurning ohaqtoshlaridan tashkil topgan. Zirabuloq tog’larining Markaziy plato qismida silur yotqiziqlarini intruziv jinslar (granit) yorib kirgan. Tog’ etaklarini bo’r, paleogen va neogenning cho’kindi jinslari tashkil qilgan. Markaziy qismi platosimon relef shakliga ega, paleozoyning intruziv qatlamlaridan iborat. Qisqa, lekin chuqur vodiylar (Daraitut, Tim, Sipki, Kattasoy, Mullaburhon, Devonasoy, Juzumlisoy va boshqalar) qalin ohaktosh qatlamlarini kesib o’tgan. Ular bahorda to’lib oqib, yozda deyarli qurib qoladi. Tog’larda tipik bo’z tuproqlar tarqalgan. Shimol yon bag’irlarining quyi qismlarida efemerlar, shirach, markazida oqkuray aralash usadi. Qadimgi denudasiya yuzalarida tragantli astragal, bodom, tog’etaklarida qo’ziquloq, oqquray, shuvoq o’sadi. Zirabuloq tog’larida qurilish materiallari, ohak ishlab chiqarish uchun gips hom ashyosi konlari bor. Kdlay va simob konlari (ingichka) ishlab turibdi. Tog’ etaklarida Oqtosh shahri, Ingichka shaharchasi, Karnob qishlog’i joylashgan.