ZIRKDOSHLAR

ZIRKDOSHLAR (Berberidaceae) ikki urug’pallalilar yoki magnoliyasimonlar sinfiga mansub o’simliklar oilasi. Ko’p yillik o’t, buta yoki daraxtlar. Guli ikki jinsli, gulqo’rg’oni sariq, bir necha (4-5) qator bo’lib joylashgan, har bir qatorda 3 tadan gultojbarg bor. Ko’pchilik Zirkdoshlarning gulida tojbarg bilan changchisi orasida shiradon — staminodiy bo’ladi. Mevasi rezavor, ba’zan ko’sakcha yoki yong’oqcha shaklida. Yer yuzida 14 turkumcha mansub 650 turi bor. Asosan, Shimol yarim sharning mo’tadil hududlarida o’sadi. Zirkdoshlarning bargi tarkibida alkaloidlar, ayniqsa, berberin ko’p. O’zbekistonda 3 turkumga mansub 11 turi o’sadi.